Bilasizmi?

Stiv Jobs: “Yerdagi vaqtimiz chegaralangan.” (II qism)

Ojizlik – hammaga xos jihat. Insonni bu kamchilikdan xalos qiladigan yagona omil – saboq. Stiv Jobs ham o‘z xatolaridan chiqargan xulosalari evaziga shuhrat qozondi. U eng qimmat narsa – tajriba ekanini ta’kidlagan. Stiv Amerikaning eng omadsiz kishisi sifatida 30 yoshida o‘zi asos solgan Apple'dan haydaldi. Garchi, u yaxshi iqtisodchi bo‘lmasa ham, uzoqni ko‘ra oladigan shaxs sifatida kuchli biznesmenga aylandi. Quyida sizga uning tavsiya va fikrlarini bayon qilamiz.

Stiv Jobs yaratuvchanlik xususida  

Ulg‘ayar ekansan, atrofdagilarning dunyo haqidagi tasavvurlari sening shaxsiy fikrlaringni yutib yuboradi. Sen ham dunyo azaldan shunday ekani, bu yerdagi ishing o‘z hayotingni yashash ekanini tan olasan.

Yaratuvchanik odamlarni va munosabatlarni, narsalarni o‘zaro bog‘lash degani. Bu boradagi ilg‘or odamlardan omadlari sirini so‘rasangiz, ular bir oz xijolat bilan aslida hech qanday yangilik qilishmaganini, shunchaki ular boshqalar e’tibor qaratmagan nimagadir diqqat qilishganini aytishadi. Ular aslida yig‘ilgan tajribani uyg‘unlashtirib, bilimlarni bog‘lay olganlar. Ular bunga tajribalari haqida boshqalardan ko‘proq bosh qotirganlari uchun erishganlar.

Yangi texnologiyaga karab keksalar “bu nima?” deb savol bersalar, yoshlar “bu menga qanday imkoniyat beradi?” deb so‘raydilar. Biz ana shu yosh avlod uchun mehnat qilamiz. Sohasida yetakchi bo‘lgan insonlarning ularga erashuvchilardan yagona farqi – innovatsiya, ilg‘or fikrdir.

"Noodatiy fikrlash" xususida

Bu juda ham qisqa, chegaralangan hayot. Undagi oddiy bir haqiqatni anglabgina uni uzaytirish, yangilik qilish mumkin: atrofingdagi odamlar – seni qurshab olgan hayotning mualliflari. Sening ham imkoning ularnikidan kam emas. Demak, o‘z hayotingni yaxshilik tomonga o‘zgartirish, mohiyatan boyitish va yaratuvchanliging evaziga boshqalarga ham yashashlariga yordam berish qo‘lingdan keladi. Buni anglab yetar ekansan, shu ondan e’tiboran batamom o‘zgarasan.

Hayotda har xil odam bor – kimdir telba, kimdir omadsiz, birovi yangilik ilinjida hayotda isyonkor ruhda yashasa, boshqasi hammaga qarshi borishni odat qilgan. Kamdan-kam bu kabi odamlar hayotda o‘z o‘rniga ega.

Gap shundaki, ular o‘zlariga o‘xshamagan odamlardan farqli fikrlaydilar. Ular uchun qonun-qoidalar ham ahamiyatsiz. Va, ular biror masalaga ming yillik an’analardan ham chetlashgan holda, boshqacha yondashishdan cho‘chimaydilar.

Ularga misollar keltiring, qarshi chiqing, ularni yomonotliq qiling – bari foydasiz. Ular o‘z bilganlaridan qolmaydilar.

Ular qoidalarga barham berib, dunyoni o‘zgartirishni istaydilar. Ular insoniyatni yangi qadriyatlarni qabul qilishga chorlaydilar. Ba’zida ular savdoyi, ba’zida esa daho, deya tan olinadilar. Boisi dunyoni o‘zgartirishga urinish darajasidagi telba, buni o‘zi tan olgan fe’l-atvor egasi aslida bunga qodir ham bo‘ladi.

Dizayn xususida

Aksar odamlar dizayn, bu – ko‘rinish deb o‘ylaydilar. Odamlar dizayn va yaltiroqlikni ajrata olmay, mahsulotni dizaynerga tutqazib, uni pardozlashni so‘raydilar.

Dizayn aslida tashqi ko‘rinish yoki chiroydan ta’sirlanish emas, bu – ichki olam degani. Dizayn – mahsulotning ichki imkoniyatlarini anglatadi.

Eng munosib dizayn, ya’ni qulaylikni yaratish uchun odamlarning turmush tarzi va xohishlarini chuqurroq o‘rganish yetarli.

Oddiylik – eng murakkab ko‘rinish. Boisi u sening mashaqqat bilan tozalangan g‘oyalaring mevasi. Doimo yangilikka, o‘rganishga och bo‘lgin va yangi qulayliklarni telbalarcha olg‘a sur, odamlarni yaxshi yashashga undovchi ilg‘or fikrlarga ishontir.

Muvaffaqiyatsizlik xususida

Ko‘pchilik odamlar qo‘ng‘iroqlarga javob bermaydilar yoki qo‘ng‘iroq qilmaydilar, boshqalar esa savollarini bermaydilar. Bu – odamlarni bir-birlaridan farqlab turadigan jihatlari. Olg‘a borish kerak. Hatto muvaffaqiyatsizlikka tayyor holda, uni his qilib mag‘lubiyatga yuzma-yuz borish lozim. Modomiki, tavakkal qilishdan qo‘rqar ekansan, uzoqqa bora olmaysan.

Apple’dan haydalishim o‘zim uchun katta saboq bo‘lgan. Muvaffaqiyatning og‘ir toshi hammasini qaytadan boshlash ishtiyoqining yengilligi bilan almashgan.

Buyuk san’atkor va olimlar ham omadsizlikka yuz tutganlar. Men shunga amin bo‘ldimki, muvaffaqiyatli va omadsiz odamlarni ajratib turgan yagona omil, bu – qat’iyat ekan.

Ishga muhabbat xususida

Odamlar qilayotgan ishingdan zavq-shavq tuyishning muhimligini ko‘p aytishadi. Ular haq – aks holda odamlarni biror yangi g‘oyaga ishontirishdan avval o‘zing undan voz kechib yuborishing mumkin.

Muvaffaqiyatning yana bir asosi – muhabbat, o‘z ishing va g‘oyalaringga nisbatan muhabbat. Shunda qilayotgan ishing kelajaging uchun daxldorligini his qilasan.

Mening sa’y-harakatlarim zamirida xodimlarni olamshumul mahsulotlar yaratishga ilhomlantiradigan kompaniya yaratish orzusi bo‘lgan.

Ba’zida hayot g‘isht bilan boshingga urganida ham o‘zing tanlagan yo‘ldan og‘ishma. Mening sevgan ishim bilan mashg‘ul bo‘lishimning sababi ham – uni sevganimdir.

Hamkorlik xususida

Dong‘i ketgan insonlarni yollab, ularni hamkorlik qilishga ko‘ndirar ekansan, ularga muhim qarorlarni chiqarishlari uchun imkon ham berishing kerak.

Sen xodimlar bilan mansabdorlik kayfiyatida emas, yangi g‘oyalar olish ilinjida munosabatda bo‘l. Yaxshi g‘oyalar har doim g‘oliblikka munosib bo‘lgan. Aks holda, iqtidorli mutaxassislarni yoningda olib qola olmaysan.

Hayot haqida

Sening yerdagi vaqting chegaralagan. Shu sababli, boshqalarning hayotiga aralashib, uni birovlarning hayotida behuda sarflama. Odamlarning fikri bilan yashashdek tuzoq aqidadan uzoqda bo‘l.

O‘zingni o‘qqa-cho‘qqa urib, hayot devorlariga hadeb musht tushirishning ham hojati yo‘q. Fayzli xonadon, hayotdan zavqlanish va ozgina mablag‘ning borligi kifoya qiladi.

O‘lim hayotning yagona kashfiyotiga o‘xshaydi. U – hayotning o‘zgartiruvchi vakili. U yangilariga yo‘l ochish uchun seni eskilaridan xalos qiladi. Hozir siz ham yangisiz va uzoq fursatdan keyin – keksalik chog‘ida yangilanishga zarurat sezasiz. Bu qadar jiddiy yondashuv uchun uzr so‘rayman, ammo bu – haqiqat.

Boshqalarning shovqini sen va ichki ovozing o‘rtasidagi suhbatni bo‘g‘ib qo‘yishiga yo‘l qo‘yma. Muhimi – qalbing va sezgilaringga ergashishga kuch topa bil. Ular sening xohishlaringdan, kim bo‘lishga urinayotganingdan allaqachon xabardor bo‘lgan bo‘ladilar. Bulardan boshqasi – ikkilamchi masalalar.