Bilasizmi?

Samvel Babayan bu safargi mag‘lubiyatdan so‘ng qanday bahona o‘ylab topdi?

Tehrondagi “Ozodi” stadionida Eron hamda O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasidagi JCh-2018 saralash uchrashuvi nihoyasiga yetgani haqida xabar berilgan edi.

Uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, deb yozadi Qalampir.uz.

“Birinchi navbatda Eron terma jamoasini Rossiyada bo‘lib o‘tadigan JCh-2018 turniriga chiqqani bilan tabriklayman. Ular haqli ravishda mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritganini tan olish kerak. O‘zbekistonda JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun hamon imkoniyat saqlanib qoldi.

Mazkur o‘yinga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida ko‘plab yo‘qotishlarga duch keldik va bugungi o‘yin boshida yo‘qotishlar yana bittaga ko‘paydi. Bu uchrashuvdagi rejamizga o‘z ta’sirini o‘tkazdi va kutilgan o‘yinni ko‘rsata olmadik. Stanislav Andreyevning jarohat olib, maydonni tark etishi va majburiy o‘zgartirish amalga oshirganimiz sababli o‘ylangan rejaga ko‘ra Server Jeparov bugun maydonga tusha olmadi.

Yuqorida ta’kidlaganimdek, Jahon chempionatiga chiqish uchun imkoniyat saqlanib qoldi. Qolgan ikki o‘yinda sifatli o‘yin ko‘rsatib, bor kuchimizga ishga solgan holda g‘alaba qozonishimiz va oldinga intilishimiz kerak”, dedi Samvel Babayan.

Ma’lumot uchun, 8-turdagi g‘alabadan keyin Eron terma jamoasi ochkolari sonini 20 taga yetkazib, muddatidan avval Rossiyadagi mundialga yo‘llanma oldi. O‘zbekiston 12 ochko bilan “A” guruhida uchinchi o‘rinda qoldi.

Akmal Eshonxonov