Bilasizmi?

Ruhshunoslarning fikricha, «dilimizdagi»ni fosh qilayotgan 15 ta gavda harakati

Aytishlaricha, tana yoki gavda tili ko‘pincha insonning dilidagi chinakam so‘zlarini aytishga urinar ekan. Insonlarning gavda harakati, ko‘zi va qo‘l harakati fe’l-atvorning ajralmas qismidir va ba’zida boshqalarga o‘z egasi to‘g‘risida ko‘p narsani "gapirib" qo‘yadi.

Shu sababli, siz ham bu so‘zlanmagan belgilar orqali aloqa qilishning sirlari, xatti-harakatlarning mazmunidan bexabar bo‘lsangiz, ular yangi loyihangiz yoki ishingizni barbod qilmasidan, gavda tili haqida bilib oling.

Quyida taqdim qilinayotgan ma’lumot va dalillar tajriba va kuzatuvlarga, ilmiy asosga ega. Mazkur tadqiqot jarayonida ko‘plab insonlar, asosan biror ish yoki loyihada muhim o‘rin egallagan odamlarda uchraydigan 15 ta eng ko‘p tarqalgan gavda harakati o‘rganilib, ruhshunoslar tahlilidan o‘tkazilgan.

  1. Qad-qomatni bukchaytirish

Biror uchrashuv yoki suhbat chog‘ida bukchayib olish, stolga engashgancha yotish hurmatsizlik belgisidir. Bu sizning zerikayotganingiz va bu uchrashuvga xohish hamda ehtiyojingiz yo‘qligini bildiradi. Siz rahbaringiz yoki qarshingizdagi suhbatdoshingizga qarab uni nega eshitishingiz kerakligini aytishga jur’atingiz yetmasligi aniq, ammo bularni sizning o‘rningizga bukchayib qolgan gavdangiz aytadi.

Boshqacha aytganda, bukchayish odamning ichida umidi qolmagan, hafsalasi yo‘q hamda uning qulayotganidan darak beradi.

Inson quvvati ham elektr tokiga o‘xshab ketadi va tik, raso qad-qomatda bir tekis harakatlanadi, miyagacha yetib borib, uning faol ishlashini ta’minlaydi. Yelkalarni keng qo‘yib, qadni tik tutib turish sizning kuchli, qat’iy va ishonsa bo‘ladigan shaxs ekaningizni anglatadi.

Shu sababli ham, oddiy uchrashuv yoki muhim muhokamalar bo‘ladimi, gavdangizni tik tutib, muvaffaqiyatni qo‘ldan boy bermang.

  1. Barmoq yoki qo‘lni ishga solish

Qo‘l va barmoq harakatlari – sizning haqiqatni yorqinroq ifodalashga bo‘lgan intilishingiz belgisi. Quchoqni keng yoyish, kaftlar yordamida shar shaklini yasash, kaftni namoyon qilish orqali odamlar bilan aloqaga kirishish – bu liderlik belgisi va sizning boshqalardan yashiradigan siringiz yo‘qligini, to‘g‘riso‘z odam ekaningizni anglatadi.

Suhbat yoki ma’ruza chog‘ida qo‘lni, barmoqlarni ishga solmaslik, ular yordamida tilning aytayotganlarini harakatda ifodalamaslik sizning hamma qatori, aytayotganiga befarq odamlardan farq qilmasligingizni bildiradi. Bu auditoriyaga yomon ta’sir qiladi.

Gapirayotganingizda qo‘llaringizni yashirmang. Aks holda, sizni tinglayotganlar sizga ishonishmaydi.

Kaftni ochgan holatda qo‘llarni bir-biriga yaqin keltirish siz o‘zingiz gapirayotgan fikrni yoki maqsadni tushunishingiz belgisi.

Qo‘l harakatlari turli millatlar madaniyatida ham turlicha mazmun kasb etadi. Misol uchun, ko‘pchilik suratga barmoqlari yordamida "V" harfini yasab tushishga odatlangan. Ya’ni, bu - "hammasi yaxshi", "kayfiyat ajoyib" degan ma’nolarni anglatadi. Ammo bu belgi Avstraliya, Yangi Zelandiya, Britaniyada haqorat ma’nosini anglatadi.

  1. Qo‘l soati yoki telefonga tez-tez qarash

Suhbat asnosida qo‘l soati yoki telefonga hadeb qarayverish hurmatsizlikning yaqqol belgisi. Bu besabrlik va o‘ziga bino qo‘yganlikni ifodalaydi. Bu odatingiz sizni tinglayotgan yoki kuzatayotgan odamlarga ularga vaqt ajratganingiz uchun afsusda ekaningiz, aslida bundan ham muhimroq ishlariz bor ekanligi to‘g‘risida xabar yetkazib turadi. Natijada suhbatdoshingiz yoki tinglovchilarning qarshisida ikkiyuzlamachi odam sifatida tasavvur uyg‘otasiz.

  1. Suhbatdoshga orqa qilish

Kimgadir orqa qilish yoki stulga suyanib, orqaga tisarilish miyangiz boshqa narsa bilan bandligini, bu yerda ko‘rilayotgan masala siz uchun qiziq emasligini, o‘zingizni noqulay his qilayotganingizni, sizga so‘zlayotgan odamga ishonmayotgangizni anglatadi.

Kimnidir tinglayotganda va bu siz uchun muhim uchrashuv yoki foydali mavzu bo‘lsa, gavdangizni bir oz suhbatdosh tomonga tashlang va boshingizni cho‘zib, uni tinglayotgangizni ifodalang. Bu orqali unga u sizning diqqat-markazingizda ekanini ifodalagan bo‘lasiz.

  1. Qo‘llarni chalishtirish

Qo‘l yoki oyoqni chalishtirgan holda kimnidir tinglash – suhbatdoshning aytayotgan so‘zlariga ochiq munosabatda bo‘lmayotgangizni, dilingizdagini ayta olmasligingizni anglatadi. Qo‘l yoki oyoqni chalishtirish – gavdaning jismoniy to‘siqlari hisoblanadi. Garchi, suhbat mobaynida jilmayib, go‘yoki uchrashuvdan zavqlanib o‘tirganingizni ifodalashga urinsangiz ham, gavda tilini biladigan odam unga sergap odam ekanini, gapni kalta qilishi kerakligini aytmoqchi bo‘layotgangizni sezib qoladi.

To‘g‘ri, qo‘lni chalishtirish gavda uchun qulay, ammo bu belgi inson ruhiyati, ongining tarjimoni. Odamlar nazdida ochiq ko‘ngil va qiziquvchan, e’tiborli bo‘lib tasavvur uyg‘otish uchun bu odatdan voz keching.

  1. So‘z va harakatlarning nomutanosibligi

Ba’zida so‘zlar chalkashib ketadi, ba’zida til aytayotganini yuz boshqacha ifodalaydi. Bunday vaziyatda yoningizdagilar qandaydir muammo borligini va ularni aldamoqchi ekaningizni tushunib qolishlari mumkin. Garchi, suhbatdoshingiz aniq dalilga suyanmasa ham, duduqlanib qolish yoki xatti-harakatingizning bir-biriga qovushmasligi uning uchun yaxshi tasavvur qoldirmaydi.

Misol uchun, asabiy yoki norozi holatda tabassum bilan qaysidir taklifni zo‘rma-zo‘raki qabul qilish boshqalarda siz bilan ishlash qiyin, degan tasavvur hosil qiladi, tilingiz va dilingiz boshqaligini izohlaydi.

  1. Hadeb boshni irg‘atish

Biror nimani tushunganingizni, uning ma’qul ekanini ifodalash uchun boshni hadeb irg‘atish yoki chayqatish aslida siz o‘rtadagi suhbatni tushunmayotgangiz va uni tezroq tugatish istagida ekaningizni anglatadi.

  1. Qo‘lning tinimsiz harakati

Deylik hadeb qo‘lni cho‘ntakka tiqish yoki sochni tartibga keltirish, yuzni silash, qo‘l ro‘molchasi bilan peshonani artish sizning xotirjam emasligingiz, qandaydir tashvishingiz borligi, asabingiz qo‘zigani, mushkul ahvolda ekaningiz va bu suhbatni tezroq tugatishni istashingiz haqida xabar beradi.

  1. Ko‘zni olib qochish

Suhbat chog‘ida to‘rt tomonga alanglash, ko‘zni olib qochish nimanidir yashirishga urinayotganingiz, o‘rtada qandaydir xijolatga arzirli narsa borligini bildiradi va bu suhbatdosh yoki sizni tinglayotgan kishining shubhasiga sabab bo‘ladi.

Shu bilan birga, nigohsiz aloqa qilish, ko‘zni olib qochish mavzuga nisbatan qiziqishning yo‘qligi va ishonchni oqlay olmasligingizni anglatadi. Juda uyatchan odam bo‘lsangiz, suhbatdoshning yoki rahbarning ko‘ziga tik qaramasangiz ham, nigohingizni uning ko‘zining ostki qismiga yo‘naltiring.

Muhim fikrlarni yetkazish, unga boshqalarni ham ishontirishda ko‘zning ahamiyati yuqori. Bu yetakchilik, o‘ziga ishonch, kuch-qudrat va aql-zakovat belgisi. Aytishadi-ku, ko‘z – dilning oynasi.

  1. Hadeb tikilish

Ammo haddan ziyod tikilish ham inson ruhiyatida tajovuzkorlikning borligini anglatadi. Nigohni uzoq qadab turish hukmronlik yoki egalik qilishga bo‘lgan cheksiz xohishni ifodalaydi. Nigoh orqali aloqa qilishning davomiyligi 7-10 soniya bo‘lishi kifoya qiladi. Biror fikrni yetkazgandan so‘ng ko‘z orqali aloqaning uzilishi suhbatdoshga o‘sha fikr mazmunini anglab yetishi uchun imkon beradi.

Yerga tikilaverish ham aytilayotgan so‘z yoki yaxshi fikrning ahamiyati yo‘qolishiga olib keladi. Hadeb yerga qarash – bu bo‘ysunish maylining yuqori ekanini bildiradi.

  1. Ko‘zning serharakatliligi

Ko‘zni haddan tashqari ko‘p yumib-ochish, pirpiratish yoki qorachiqlarni aylantirish ham hurmatsizlik belgisi. Aksiga olib, bu shunchaki jismoniy illat bo‘lsa, zudlik bilan uning oldi olinishi kerak va bu juda zarur, foydali ish bo‘lgan bo‘lar edi.

  1. Qosh-qovog‘ini solish

Qosh-qovoqdan qor yog‘dirib o‘tirish atrofdagilarga bu yer sizga manzur emasligining ifodasi. Bu holat atrofdagilarning ham holatiga ta’sir qiladi va suhbatdoshga aytmoqchi bo‘lgan fikrlarini jamlashiga xalaqit qiladi. Natijada uchrashuv yoki muhokama samarasiz yakunlanadi. Bu kabi odamlar oldida insonlar o‘zlarini sudya qarshisidagidek his qiladilar va ulardan uzog‘roqda bo‘lishni afzal ko‘radilar.

Shu sababli, tabassum qiling, jilmaying yoki shunchaki yuzingizda ijobiylik kayfiyatini zohir qiling. Ruhiy tadqiqotlarning xulosasi shuni ko‘rsatmoqdaki, inson miyasi tabassum qilishni xush ko‘rgan odam bilan suhbatga kirishga intiladi va doimo kayfiyati yaxshi odam tomonga shoshadi.

  1. Yengilgina qo‘l siqishish

Biz ilgari ham ohista va yengilgina qo‘l siqishish erkak kishiga xos emasligini ko‘p bora aytgan edik. Mustahkam qo‘l siqishish ishonch va imkoniyatning yuqoriligini bildiradi. Ammo kimningdir qo‘lini, ayniqsa ayol kishining kaftini haddan tashqari qattiq siqish tajovuzkorlik belgisi bo‘lib, bu orqali undan qudratli ekaningizni ko‘rsatmoqchiligingizni ifodalaydi. Qo‘l siqishganda uning kimligi hamda vaziyatni hisobga oling va o‘rtacha me’yorni o‘zingiz aniqlang. Imkoni boricha samimiylikni yo‘qotmang.

  1. Kaftni musht qilish

Chalishtirilgan qo‘l yoki oyoqlar singari, musht ko‘rinishga keltirilgan kaft ham sizning "yopiq" odam ekaningizni anglatadi. Qolaversa, bu siz to‘g‘ringizda bahs-munozarani yaxshi ko‘radigan, o‘zini himoya qilishga tayyor turgan kishi, degan tasavvur uyg‘otadi. Natijada siz bilan suhbatlashayotganlar asabiylasha boshlashadi.

  1. Suhbatdoshga juda yaqin kelish

Oraliq masofaning me’yorida bo‘lishi tinglash va muloqot qilishda qulay sharoit yaratadi. Aks holda, qarshingizdagi odamga juda yaqin kelish, bu – hurmatsizlik belgisiga aylanadi.

Yuqorida qayd etilgan, gavda harakatining xato tiliga xos aloqa vositalarining oldi olinishi shaxsiy hayotda ham, kasbiy jarayonda ham samarali muloqot qilish uchun zamin yaratadi.