Bilasizmi?

Ruhiyat: 10 ta eng ko‘p tarqalgan tush va ularning ruhiy ta’biri

Tush – inson ko‘rgan-kechirganlarining ayqay-uyqash ko‘rinishidir. Inson tushida ko‘rganlaridan ham ko‘ra, his qilganlarining, uning ruhiyatida kechayotgan holatning o‘rni yuqori.

Rivojlangan dunyoda insonlar g‘alati tushlarining ta’birini ruhshunoslar yordamida aniqlashga harakat qiladilar. Ruhshunos Yan Uollen ham 30 yillik faoliyati davomida 150 ming xil syujetga ega turli-tuman tushlarga izoh izlashga harakat qilgan.

U mijozlari tomonidan eng ko‘p aytiladigan tushlarning 10 tasini aytib, izohlab, ularni keltirib chiqargan tashqi omillarga nisbatan ko‘rish kerak bo‘lgan choralar bilan o‘rtoqlashdi.

  1. Tushda it talashi yoki tishlashi

Hayotda it insonning do‘sti bo‘lsa ham, uning kimningdir tushiga kirishi ko‘pincha xosiyatsiz hisoblanadi. Boisi tushga kirgan it aksariyat holda insonga hujum qiladi.

Insonning hayotda kimlar bilandir murosa qila olmasligi tushida itga yoki boshqa hayvonlarning unga hujum qilishiga sababchi bo‘ladi. Tushda bunday hayvonlarning qo‘lni tishlashi, talashi va tashlanishi nosog‘lom mehnat sharoitini anglatadi. Ya’ni, bu – muntazam fisqu fasod, g‘iybat va hasad avj olgan ish muhiti bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, kim bilandir dushmanga aylanib qolgan insonning bundan ruhiy iztirobga tushishi, u insonning hujumiga uchrashdan qo‘rqishi ana shunday nomaqbul tushlarni ko‘rishiga sabab bo‘ladi. Hatto bu kabi kurash yopiq holda kechsa ham shunday tushlarga sabab bo‘ladi.

Shu tufayli, hayotda insonlar bilan yaxshi munosabatda bo‘ling. Kimningdir yomonligiga siz vazminlik bilan javob bering. Imkon qadar u insonlarni dushmanga aylanishiga yo‘l qo‘ymang. Bu kabi muhiti “zaharli” bo‘lgan ishdan voz keching.

  1. Noma’lum maskan yoki xonaga tushib qolish

Tushlarimizda ba’zan o‘zimizga noma’lum uyga yoki xonaga tushib qolamiz. Ruhshunoslar buni quyidagicha "tarjima" qilishadi.

Ruhiyatga ko‘ra, tushga kiradigan o‘zimizga noma’lum uy yoki xona bizning fe’l-atvorimizning biror o‘ziga xos jihatini anglatadi. Ya’ni, asosan yangi qobiliyat, iste’dodini yuzaga chiqarishga urinayotgan insonlar tushlarida mana shunday o‘zlariga noma’lum maskanlarga tushib qoladilar.

Inson biror iste’dodga ega bo‘lsa va bu iste’dodni yuzaga chiqarishda qiynalsa, undan foydalana olmayotganidan aziyat cheksa, tushlarida ko‘pincha eshiksiz xona yoki yopiq ko‘chalarga tushib qoladi.

Shuningdek, orzulari oshmay qolayotgan insonlarda ham bunday syujetga ega tush ko‘rish holatlari aniqlangan.

Bunday vaziyatlarda inson o‘z ustida ishlashi, shu talantni yuzaga chiqarish orqali o‘z ruhiyatini ozod qilishi kerak. Shunda miya yuzaga chiqmagan orzularni o‘ylab tushkunlikka tushmaydi va tushida ham yopiq maskandan chiqib ketish uchun yo‘llar ochiladi.

  1. Boshqaruv yoki nazoaratni yo‘qotib qo‘yish

Tushda qoqilib-yiqilib yurish, mashina yoki biror nimani boshqarishda nazoratni yo‘qotish, o‘zini boshqara olmaslik, misol uchun, baqirgisi kelganida ovozning chiqmasligi inson hayotda muvaffaqiyatga erishaolmayotganidan azoblanishini anglatadi.

Bunday vaziyatda ruhshunoslar tushkunlikka tushmaslikni, muvaffaqiyatni boshqa bir yo‘nalishda sinab ko‘rishni, orzular sari og‘ishmasdan borishni tavsiya qilishadi.

  1. Qulash

Insonlarning tushida baland nuqtalardan qulash holatlari juda ko‘p uchraydi. Haddan tashqari ruhiy toliqish, hayotda biror bir mushkul vaziyatga tushib qolish, biror nimadan qattiq qo‘rqish insonni tushida balandlikdan qulashiga sabab bo‘ladi.

Bu kabi xosiyatsiz tushlardan xalos bo‘lish uchun inson o‘z sog‘ligiga e’tibor berishi, yon-atrofidagilarga ishonishi zarur.

  1. Parvoz qilish

Tushda insonning qushday parvoz qilishi uning hayotdagi qandaydir mushkuliga yechim topgani, mashaqqatli ishni yuzi yorug‘ bo‘lib yakunlaganini anglatadi.

Shuningdek, ijobiy kayfiyatdagi, doimo yaxshilikni niyat qilib, yaxshi bo‘lishiga ishongan, o‘ziga ishonchi yuqori insonlarning aksariyati tushida parvoz qilishi aniqlangan.

  1. Turli imtihonlarga duch kelish

Tushga qandaydir sinovli jarayonlarga duch kelish, biror tanlovni hadik bilan amalga oshirishga o‘xshash holatlar ko‘p kirsa, demak u inson hayotda juda ko‘p ikkilanadi. Bunday tush ko‘ruvchilar o‘zlarini nuqul tanqid qiladilar va hayotda biror tanlov adashganliklarini his qilishadi, imtihonlardan cho‘chishadi.

Agar sizning uyqungizga ham shunday syujetli tushlar ko‘p kirsa, bilimingiz, didingiz va o‘zingizga bo‘lgan ishonchni oshiring. Tanladingizmi, demak buning sababi bor va bundan afsuslanmang. Qarorlaringizni hadeb muhokama qilmang.

  1. Jamoat joyida kiyimsiz qolish

Kiyim birinchi navbatda uyat-hayoning belgisi bo‘lsa, ikkinchidan u biz haqimizda shakllanadigan fikrning bosh vositasidir. Hayotda odamlar ko‘p joyda kiyimsiz qolish insonni qattiq uyatga qoldirib, zaiflashib qolishiga sabab bo‘ladi.

Tushda bunday sahnalarni ko‘rishning bosh sababi – dilda qandaydir muhim sirni saqlash ekan. Ya’ni, bu sir bizning kuchli odam emasligimizni, aslida irodasizligimizni fosh qilib qo‘yishidan qo‘rqamiz. U sir fosh bo‘lgudey bo‘lsa, odamlarning bizga nisbatan ijobiy fikri o‘zgarishi mumkinligini bilamiz.

Insonning bu kabi sirlari ko‘payib borishi uni ana shunday noqulay tush sahnalarini ko‘proq ko‘rishiga olib kelishi mumkin.

  1. Hojatxonani topa olmaslik.

Ha! Shunday tush ko‘radigan insonlar ham ko‘p ekan. Bu kabi insonlar hayotda shoshqaloq, jonsarak bo‘lishadi. Ular hamma narsaga ulgurishini istaydilar va bir ishni tugatmasdan boshqasiga kirishib ketadilar.

Inson o‘zining bosh ehtiyojlarini anglab yetishi zarur. Ana shunda bu kabi muammolarga, xususan tushda hojatxona qidirish muammosidan xalos bo‘lishadi.

  1. Tishning to‘kilishi

Tushdagi tish inson ruhiyatining ramzi. Ya’ni, u insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchi va hissiyotlarini anglatadi.

Real hayotda o‘ziga bo‘lgan ishonchning yo‘qligi, ruhiy iztiroblar insonni keksaytirib qo‘ygandek va u buning ta’sirini tushida ko‘ra boshlaydi. Tushda tish to‘kilishi ham hayotda nimanidir qattiq o‘ylash va undan siqilish sabab yuzaga keladi.

Bu kabi yomon tushlardan xalos bo‘lish uchun hayotda xotirjam bo‘lishga urining. Hech narsa sababsiz bo‘lmaydi va kelgan dard o‘tib ketadi. Ammo unga sizni zaiflashtirishiga yo‘l qo‘ymang.

  1. Kimningdir quvlashi

Hayotda ko‘pincha kim bilandir yuzma-yuz kelishdan qo‘rqamiz. Buning sababi ko‘p. Misol uchun va’daning ustidan chiqmaslik, kimningdir ishonchini oqlay olmaslik, kimdandir qarz olish.

Bu ayniqsa, qo‘lidan ko‘p ish keladigan, hunarli, mansabi yuqori odamlarda ko‘p uchraydigan tushlar sirasiga kiradi.

Hayotda odamlarga va’da bermang, juda bo‘lmasa harakat qilishingizni ayting. Imkoni boricha katta pul qarzga olmang. Olgan bo‘lsangiz, tezroq qaytarish harakatini qiling. Ishonchni oqlay olmagan bo‘lsangiz, o‘sha odamga vaziyatni tushuntirishdan qo‘rqmang. Axir bu – qo‘rqinchli tushlar ko‘rib yurishdan yaxshiroq.