Jinsiy hayot

Prezervativlar va ularning turlari

Har bir odam katta bo‘lar ekan, oila qurib jinsiy hayotga qadam qo‘yadi. Oilaning tinch-totuv bo‘lishi, er va xotinning bir-birini tushunishi ko‘p tomondan jinsiy hayotning normal va barqaror kechishiga bevosita bog‘liq ekanligini olimlarimiz allaqachon isbotlab bo‘lishgan. Jinsiy hayotga kirib borar ekan, har bir kishi kontratsepsiya vositalaridan yetarlicha xabardor bo‘lishi, ularning qo‘llanilishi, turlari, foyda va zararlari haqida bilishi lozim bo‘ladi. Bu esa istalmagan homilaning oldini olish va shu bilan birga turli yuqumli kasalliklardan himoyalanishning oldini oladi.

Ushbu maqolada erkaklar kontratseptik vositalaridan biri bo‘lgan prezervativlar va ularning turlari haqida siz qadrli saytimiz muxlislarini xabardor qilmoqchimiz.

Prezervativlar bugungi kunga kelib paydo bo‘lgan kontrasepsiya vositalari emas, tarixiy qo‘lyozmalardan ma’lum bo‘lishicha Angliya qiroli Genrix VIII ning shifokori Charlz Kondom qirol uchun birinchi prezervativni qo‘y ichagining shilliq qavatidan yasab bergan ekan. Vaqt o‘tishi bilan prezervativning takomillashuvi, turlari va xillarining ko‘payishi uning oddiy xalq orasida ham tarqalishiga olib kelgan.

Prezervativni ishlatishni juda ko‘pchilik yaxshi bilsada, lekin uning qanday turini tanlashga kelganda “boshi qotadi”. Prezervativlar bir qancha xususiyatlariga ko‘ra bir-biridan farqlanadi. Demak,

Ishlab chiqarish sifatiga ko‘ra:

  • Maxsus tuzilishlarsiz bo‘ldan oddiy, silliq prezervativlar;
  • Zich yopishib turadigan konturli prezervativlar, bular olatning anatomik shakliga kira oladi;
  • Maxsus tuzilgan prezervativlar – ularning sirtida maxsus bo‘rtmachalar mavjud;

Moyining mavjudligi va sifatiga ko‘ra:

  • Moysiz, oddiy prezervativlar (odatda juda kamdan kam hollarda uchraydi);
  • Moyli, oddiy prezervativlar, odatda ularda monopropilenglikol yoki silikonli moy ishlatiladi;
  • Mo‘l moyli prezervativlar;
  • Aromatizatorli prezervativlar. Odatda ularning moylariga turli xushbo‘y moylar (parfyumeriyali, mevali) qo‘llaniladi;
  • Spermitsid moyli prezervativlar. Bunda prezervativ moyi tarkibida sperma suyuqligi tarkibidagi spermatozoidlarni o‘ldiruvchi, harakatchanligini pasaytiruvchi maxsus moddalar (nonoksinol-9) qo‘shilgan bo‘ladi;
  • ereksiya muddatini cho‘zdiruvchi prezervativlar, ularning moyi tarkibida ereksiyani ushlab, urug‘ otilish vaqtini cho‘zuvchi moddalar qo‘shilgan bo‘ladi;
  • Qo‘zg‘atuvchi prezervativlar, ularning moyi tarkibida qon tomirlariga tezda so‘riluvchi, hissiyotni qo‘zg‘atuvchi va sezgirlikni pasaytiruvchi moddalar qo‘shilgan bo‘ladi.

Tayyorlangan materialiga ko‘ra:

  • Lateksli prezervativlar, odatda bunday prezervativlar tarkibida 92% tabiiy lateks mavjud bo‘ladi;
  • Latekssiz prezervativlar. Bular odatda poliuretan va kamdan kam hollarda qo‘zichoqning ichagidan (lekin juda qimmat) tayyorlanadi. Poliuretanli prezervativlar yapon texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan bo‘lib, prezervativlardagi allergen xususiyatni kamaytirish maqsadida qo‘llaniladi, ular lateksli prezervativlardan o‘ta yupqa va samarali hisoblanadi.

Boshqa bir qancha belgilariga ko‘ra:

  • O‘lchami nisbatan katta bo‘lgan prezervativlar. Bunday prezervativlarning odatdagi standart prezervativlardan farqi – 54-56 mm bo‘lishidadir;
  • Juda pishiq, mustahkam prezervativlar. Ular olat hajmi kattalashganda ham o‘z mustahkamligini yo‘qotmaydi;
  • O‘ta yupqa (ultrayupqa) prezervativlar, jinsiy aloqada ularning borligi hatto sezilmaydi;
  • Yonuvchi prezervativlar, bularning moyi tarkida turli fosfor tutuvchi moddalar mavjud bo‘lib, prezervativ qo‘llanilgan vaqtda qorong‘u xonada ham uni yaqqol sezish mumkin. Bu odatda jinsiy munosabatda o‘zgacha hissiyot uyg‘otish uchun qo‘llaniladi;
  • Rangli prezervativlar. Ular ham jinsiy aloqada o‘zgacha hissiyotlarni yuzaga kelishi uchun xizmat qiladi.
  • Turli qo‘shimchali (o‘simta, gajaklar, bo‘rtmalar va h.k.) prezervativlar;
  • Bir necha marta qo‘llaniladigan prezervativlar. Ushbu prezervativlar hind kompaniyalarining mahsuloti bo‘lib, u o‘ta yupqa va mustahkam lateksdan ishlangan bo‘lib, uni ko‘p marotaba qo‘llash mumkin.

Bugunki kunga kelib juda ko‘plab kompaniyalar erkaklar va ayollar prezervativlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Shularning eng mashhurlari bilan tanishib chiqsak:

Classic prezervativlar:

Ushbu prezervativlar o‘z nomidan kelib chiqib klassik uslubdagi, tabiiy lateksdan ishlanadigan prezervativlar bo‘lib, silliq yuzali va uchida spermani to‘plovchi rezervuari mavjud. Silikonli gel bilan moylangan bo‘lib, ortiqcha ishqalanishdan himoya qiladi. Ko‘pgina prezervativlar diametri, qalinligi va uzunligi bilan farqlanadi. Ushbu ko‘rsatkichlar odatda o‘rtacha statistik ko‘rsatkichlardan kelib chiqib tayyorlanadi. Ushbu prezervativlar odatdagi qo‘llashlar uchun juda qulay hisoblanadi, jinsiy aloqa vaqtida sezuvchanlik tabiiy sezuvchanlikka juda yaqin bo‘ladi, lekin bu prezervativlardan silikonli gel va tabiiy lateksga allergiyasi borlar foydalanishi tavsiya qilinmaydi.

Anatomic prezervativlar:

Ushbu prezervativlar klassik uslubdagi prezervativlardan biroz farq qiladi. Ularning zich yopishuvchanlik xususiyatiga ega bo‘lib, olatning aynan anatomik shakliga kira oladi. Bundan tashqari u olatga zich yopishib turish bilan birga uning chetki qismidan spermaning chiqib ketishiga aslo yo‘l qo‘ymaydi. Prezervativ qo‘llanilganda sezuvchanlik odatdagi tabiiy sezuvchanlikdan farq qilmaydi. Ushbu prezervativdan olatning o‘ziga individual shakliga ega bo‘lgan erkaklar foydalanishi ko‘zda tutiladi.

Spermicide/Prolonged prezervativlar:

Ushbu prezervativlar ularni moylashda ishlatiladigan moyning tarkidagi o‘ziga xoslik bilan ajralib turadi. Ularning tarkibida sperma suyuqligidagi spermatozoidlarni o‘ldiruvchi modda mavjud.  Ushbu prezervativ qo‘llanilganda eakulyatsiya kechroq bo‘lib, ereksiya uzoq saqlanishi hisobiga jinsiy aloqa birmuncha uzoq davom etadi. Shu bilan birga shuni ham alohida aytib o‘tish lozimki, ushbu prezervativlarni doimiy ravishda qo‘llash maqsadga muvofiq emas, ular ayol kishi qini disbiozini yoki turli allergiyalarni keltirib chiqaradi.

Ribbed/Dotted yoki qovurg‘ali prezervativlar:

Ushbu prezervativlarning boshqa turdoshlaridan asosiy farqi ularning tashqi tuzilishida bo‘lib, prezervativ yuzasi turli nuqtalar, chiziqlar va boshqa qo‘shimchalarga ega. Bu jinsiy aloqa vaqtida qo‘shimcha hissiyotga erishish uchun qo‘llaniladi. Lekin bu prezervativlar klassik uslubdagi prezervativlardan qalinligi bilan farqlanadi.

Color va Aroma prezervativlar:

Bu turli rangdagi, ta’mdagi va hiddagi prezervativlar bo‘lib, klassik uslubdagi prezervativlarning nisbatan o‘zgartirilgan ko‘rinishi xolos.

Ayni vaqtda “Contex” va “Durex” firmalarining mahsulotlari dunyo bo‘yicha prezervativlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi barcha bozorni yuqorida sanab o‘tilgan barcha turdagi prezervativlar bilan ta’minlab kelmoqda. Ularning turli seriyali mahsulotlari mijozlarga taklif qilingan bo‘lib, yuqoridagi ma’lumotlar asosida prezervativ yorlig‘idan  ularning qaysi turga kirishini bilib olish mumkin.

Prezervativlarni qo‘llash jarayonida yana shuni ham eslatib o‘tish joizki, oilada istalmagan homiladorlikning oldini olish yoki turli yuqumli kasalliklarning er-xotindan biriga yuqishini oldini olish vaqtida qo‘llashda  ikki tomonning fikrini inobatga olish lozim.

Baxtiyor ShERALIYeV