Madaniyat

Odamiylik bahosi

Bu voqeani Hind ro‘znomalaridan birida o‘qidim. Hodisa Hindiston janubidagi Kerala shtatida, aniqrog‘i Malappuram shaharchasida sodir bo‘lgan ekan. Shaharda mehmon bo‘lib turgan shimollik tadbirkor Orif Vani kechki ovqat uchun oynavand "Jannat" nomli tamaddixonaga tushib, uning uchun hozirlangan stolga o‘tirar ekan, restoran va ko‘chani ajratib turgan oynada miltillab turgan qarog‘larning aksini ko‘rdi. Tashqarida chamasi 6 yoshlardagi tilanchi bolakay o‘zidan kattaroq qiz bilan Orifga tikilib turardi. Ularning ko‘zlariga jo bo‘lgan xatar ochlik edi. Orifning ularga ichkariga kirishlari mumkinligini bildirgan iliq ishorasidan so‘ng boshqa mijozlarning ta’bi xira bo‘ldi. Qo‘rqa-pisa yurib kelishar ekan, isqirt kiyim-boshidan uyalayotgan go‘daklar ko‘zlarini ularni taklif qilgan kishidan uzishmadi. Yetib kelgach esa bir-birining pinjiga kirib ketgancha nim tabassumli odam qarshisida mum tishlashdi. To‘zg‘igan sochlar orasidagi olazarak ko‘zlar stoldagi biryaniga qadaldi. Orif ularga ham biryani buyurtirdi. Bolakay stolga o‘tirmoqchi bo‘lganida qizcha oldin qo‘llarini yuvishlari kerakligi aytib, bet-qo‘l yuvgich tomon yurdi. Stolga engashgan bolajonlar shosha-pisha hovur ko‘tarilib turgan ovqatni og‘izlariga sola boshlashdi. Qanchalar didsizlik bo‘lmasin, och bolalarga shoshib ovqatlanish yarashar ekan. Qizcha taomiga qo‘l uzatmasdan jim turgan Orifga jovdirab qarab qo‘yardi. Idishdagi oxirgi guruchgacha tozalab, mango sharbatini so‘nggi tomchisigacha ichib bolalar o‘rinlaridan qo‘zg‘alishdi va istarali amakiga jilmaygancha rahmat aytib, shoshilib chiqib ketishdi. Bu voqeani barcha – mijozlar-u xizmatkorlar, ikki gadoyning ichkariga kirgani to‘g‘risida bilib yugurib kelgan boshqaruvchi ham kuzatar edilar. Orif ovqatlanib bo‘lgach, hisobni so‘radi. Qo‘llarini quritib, stoldagi hisobni oldi. Hisobda to‘lov miqdori emas, xat qoldirilgan ekan. “Janob, hozircha bizda odamiylikning bahosini hisoblay oladigan mashina yo‘q. Yaxshiliklar o‘zingizga-da hamroh bo‘lsin!” Duv-duv to‘kilayotgan ko‘z yoshlarini hech kimga sezdirmaslik uchun Orif Vani shoshgancha o‘z xonasiga ko‘tarildi.

Shuhrat Sattorov, jurnalist