Kutubxona

Millat yuragidagi ignalar

Farg‘onada tanasidan o‘n oltita igna topilgan chaqaloq xaqidagi xabarni o‘qiganimdan buyon yuragim simillab, azob beradi.

Tabriklamaysizmi?! Yana dovruq qozonamiz. Tirik go‘dak tanasidagi ignalar soni bilan ham Ginnesning “Rekordlar kitobi”ga kiradigan bo‘ldik.

Hali bunaqasi Gitler davrida ham bo‘lmagan! Hatto, eng qonxo‘r deb nom chiqargan maxluqsiyrat gazandalar ham o‘z jigarining badaniga ataylab, birma-bir buncha ko‘p igna sanchmagan. Onaning gaplarini tingladim, yana bitmagan yaram yangilandi. Yana shu, jamiyatimizdagi ijtimoiy muammolar keltirib chiqargan oqibat. Uning ham eri Rossiyaga ketgan, hozir ota uyida yashayotgan ekan.

Professoring xulosasi mayli, oddiygina shifokor bo‘lsam ham o‘n bir oylik emas, katta odam ham o‘n oltita ignani yutishi mumkin emasligini yaxshi bilaman. Buni hamma mendan yaxshiroq biladi. Qolaversa, rentgen xulosalari ham bor. Demak, bu vaxshiylikni kimdir qilgan! Kim?! Odam bolasi, albatta! Ona emasdir!!! IShONMAYaPMAN!

To‘g‘ri, ona atalmish shaytonsiyratlar xaqida eshitganman.. Mayli, xaqiqatni tergovdan bilarmiz. Bu fojeaga sabachilarni ham bir-bir tilga olarmiz… Hozir jonlantirish bo‘limida jon talashib yotgan bolajonning otasiga ikki og‘iz gapim bor:

Ukam! Inim! Jigarim! Bilaman, sovug‘i jon-joningizni burdalab tashlayotgan o‘risning yurtiga noiloj, ishsizlik tufayli ketgansiz. Guldek ayolingiz, farishtaday bolangizni kimlargadir ishonib, ammo butkul xotirjam bo‘lolmay, qalbingizni yarmini tashlab ketgansiz. Sizga nasihat qilishga balki umuman xaqqim yo‘qdir, lekin boshqa chiday olmayman.

Iltimos, shu go‘dagingizning baxtiyor bolaligi uchun ham tezroq qayting! “Uning kelajagini deb, shu yerlarda yuribman” demang, darxol yuz burmang! O‘tinaman, o‘n daqiqagina yuragimga quloq soling! Hozir hayoti shu temir tersaklarga ilinib turgan bolangizning shiringina tili chiqib qolgan. Chuldiragancha “da-dalab”, amakisi, tog‘alariga mo‘ltirab, ba’zan yetti yot begonalarning qiyofasiga javdirab sizni qidiradi. Chunki u sizni judayam sog‘ingan. Hozir ham, badanidagi o‘n oltita igna bilan o‘lmay, o‘lgisi kelmay, Allohdan siz bilan bo‘lguvchi shirin diydorni tilab yotibdi. Uni butun millat duo qilyapti, xalq bolangiz bilan birga! Ammo, o‘ttiz uch million inson “bolam” desa ham, hech qachon sizning o‘rningizni bosa olmaymiz!

Bilasizmi, bugun u shirin tush ko‘rdi. Tushida, uni ko‘tarib, osmonga otayotgan ekansiz. U qiyqirab, qiqirlab kulayotgan edi. Bu shunaqa shirin tush ediki, hamshira tomiridan yana bitta igna suqib, dori yuborayotganini ham sezmadi. Bu shunday beg‘ubor tush ediki, tegrasida turgan farishtalargina uni ko‘ra olishar edi…

U allaqachon o‘lishi kerak edi. Aslida odamning o‘limiga oyog‘i bilan bosib olingan bitta ignaning o‘zi yetadi. Qon tomir ichiga tushib, to‘g‘ri yurakka borib sanchilsa, manaman degan ayiqday erkakni ham yiqitadi.

Ukajonim, nima uchun bolangiz hamon tirik ekanligini endi tushungandirsiz?! Balki, uning qon tomirlari ignalardan qochib, mitti yurakchasini avaylayotgandir?! Balki, ignalarining o‘zi ignalik qilmay, qilday jonni, mitti omonatni Alloh uchun saqlab turgandirlar.

Men shifokorman. Go‘daklar joni shunchalik mo‘rtki, milliyon-milliyon davlati bor otalar bitta bemor dilbandining hayotini saqlab qololmay, qon yig‘lab qolganlarini ko‘rganman. Otalar borki, bolasining sovuq jasadini ko‘tara olmay, yuztuban gursillab qulaganlariga guvoh bo‘lganman. To‘rt muchchasidan to‘rtalasi yo‘q nogiron dilbandiga ham shukur qilib, ko‘zlariga mo‘ltirab o‘tayotganlarni ham taniyman. Shunday davlatmandlarni bilaman, yaratgan Egam bitta farzand berishi uchun bor-budlarini berishga tayyor! Gunoh deydilaru, falon mablag‘ga o‘n martalab urug‘ ektirib, bitta natija ololmay sarg‘ayib o‘tayotganlar qancha! Shirk bo‘lsa-da, uzoq yo‘llar bosib, aziz-avliyolar mozorlariga chiroq yoqib, qo‘chqor so‘yib, umidvor bo‘lib yurganlarni eshitganman. Oshna-og‘aynilar ichida boshini ko‘tara olmay, bitta tirnoqsiz o‘lib ketganlar ham bor!

Sizga esa, bir hislatingizni yoqtirgan Egam sog‘lom, baquvvvat farzand ato etibdi. Qosh-ko‘zlarini qarang — o‘zingiz! To‘polonchiligi ham o‘xshagan. Dardga bardoshligi esa, balki siz, balki uzoqlarga ketgan bo‘lsangiz ham miq etmay kutayotgan onasidan o‘tgandir?

Endi boshqa tomonga ham bir qiyo boqing! Hov anavi, mung‘ayib qolgan norasidalarni ko‘ryapsizmi? Kechagina otasi avtobusda yonib ketgan yurtdoshlarimning sag‘irlari ular. Anavi kichkintoyni qarang, hali qanday fojia ro‘y berganini anglamagan, “otangni olib kelishadi” degan bitta gapga suyunib, ko‘mir yoki bir qop kulni emas, kulib xayrlashib chiqib ketgan dadasini poylab turibdi. Sochlari mayda o‘rilgan qizaloq-chi? U norasida ham dadasi, ham akasining kuyib ketganidan bexabar, va’da qilingan qo‘g‘irchoq kelishidan umidvor…

Boshqa bolajonlarni ham ko‘rsataymi? Bir chekkalarda kulmay, o‘rtoqlariga qo‘shilmay qolgan norastalarga ko‘zingiz tushdimi? Ular otalari o‘rmonlarda, tashlandiq, ovloqlarda, xullas, Xudo urgan joylarda kafansiz ko‘milib, aza ochilib, ochilmagan xonadonlardagi bolaligi o‘g‘irlangan, ruhi butkul singan bolalar!

Boshqa bolalar ham bor! Ularning otalari avval rostdan kambag‘al edi. Siz kabi uzoqlarga ketib ishlab, ro‘zg‘oridagi kamchiligini bitirishdi. Farzandlarining og‘zi oshga yetib, yuziga tabassum yugurganida ularni shayton yo‘ldan urdi. “Vodka” o‘lgurni ichaverib, harom-xarichni farqiga bormay, o‘ntadan qolgan o‘ris ayol bilan cho‘chqaday yashayotganlarning halol farzandlari, ana! Qo‘ni-qo‘shni oldida tillari qisiq, dillari vayron, piching gaplardan boshlarini ko‘tara olmay qolishgan. Nomusga chiday olmay, joniga qasd qilganlari esa adirda yotishibdi. Ota tarbiyasini ko‘rmay, xomilador bo‘lib qolgan qizlar, o‘g‘irlik qilib qamalib qolgan o‘g‘illarni ham ko‘ryapsizmi?!

KO‘RYaPSIZMI?!

Siz o‘z bolangizga shunday qismatni ravo ko‘rasizmi?! “Ana, zo‘r yashayotganlari ham bor!” deb, aldanmang, katta ketmang! Ha, bor! Inkor etmayman! Ammo dang‘illama uylarda, zo‘r yashayotgan bolalarning ham qalbi yarim. Chunki ota olisda! Rossiya, Koreyadan kelayotgan pullarga qilingan eng sergo‘sht palov ham tomoqqa tiqilib, yo‘l poylashadi. Olgan beshchalari bilan maqtanib, yodlagan she’rchalarini faqat ona emas, otasiga ham aytib berishni hohlamagan bola bormikin dunyoda?! Yo‘q! Bunday bolalar hali tug‘ilmagan!

Hov anavi, o‘n beshga yetib qolib, padarining maslahatlariga muxtojlik tuyayotgan yigitchaning qalbidagilarni ham aytaymi? Chidaysizmi? Agar davom etsam, fig‘onim –jamiki yurtdoshlarimni kechagi avtobusda qayta yondiradi! Onalari mardikorlikka ketganlarni esa umuman gapirmay qo‘ya qolay. Ular xaqida yozadigan bo‘lsam, qalbimdan chiqadigan bomba shu noma terilayotgan telefonimni portlatib yuboradi…

Ukajon, dilimni, dilingizni titib tashlagan faryodimni shu joyigacha o‘qiy olgan bo‘lsangiz, demak, bolajoningizni judayam sog‘ingansiz. Demak, unga qaro qismatni ravo ko‘rmaysiz! Qayting, uka!

Ana, kechagi maqolamdan so‘ng arazlab qolgan “Yoshlar ittifoqi”ning ham ko‘zi ochilyapti. Aslida ular ham yomon insonlar emas! Minglab yoshlarni o‘z bolalarimdan kam ko‘rmayman. Chunki biz bir jonmiz! Rossiyaga ketish uchun pul topa olmayotgan yoshlarning ichida ham ishsizlari talay. Nima qilishni bilmay, javdirab turishibdi. Ilohim, yovuz kuchlarga aldanib qolishmasin! Ular ona tuproqni tark etishmasin!

Siz ishlab oz bo‘lsa-da tajriba ortirgandirsiz? Endi qaytib, nimanidir o‘rgangan bo‘lsangiz o‘zingizdan kichkinalarga ham o‘rgating. Yoningizdagi do‘stlaringiz ham kam-ko‘stlari bitgan bo‘lsa, qaytishsin! Sizlarning tajribalaringizga muhtojmiz!

Demagog demasangiz yana bir gap aytay: keling, hammamiz bir bo‘lib, chalajon Vatanimizning qaddini ko‘taraylik! Agar besh qit’aga tariqday sochilib ketgan, ziyolilarimizni ham qaytara olsak, yana Ulug‘bek, Navoiy, Bobur Mirzolarni tarbiyalay olamiz… Yurtda boshqacha shabodalar esyapti. Biz qurol va jaholat bilan emas, bilim va adolat bilan yangi jamiyat quramiz!

ANChA DARDLARNI GAPIRIB OLDIK, ENDI OZGINA ORZU VA ChIROYLI NIYaTLAR QILAMIZ.

Eshitdingizmi, men bilan olishgan Qariyalar uyining rahbariga ham insof beribdi. Allox qalbidagi mehrni uyg‘otgani rost bo‘lsin! U professor Po‘lat Oripov, olim Habibullo Qodirov, Saida Mirtolipova, jurnalist Rustam Obidlarning qanday inson ekanliklarini anglab, o‘z oxiratini ham o‘ylab qolibdi. Endi, faqat bayramlardagina ochiladigan kattakon zalga yoshlar tashrif buyurishar ekan. Bir vaqtlar unutilgan, unuttirilgan oqillar bo‘lajak olimlarga saboq berishadi! Boshqa qariyalar ham e’zoz topishadi! Yetim bolalar soni kamayadi, balki umuman mehribonlik uylari qolmas! Chunki bizda silai rahm kuchli, chunki biz suyagini xorlamaydigan millatmiz!

Quloq soling! Kimdir Allohga nola qilib, gunohlarini kechirishni so‘rayapti. Eeee… U sizni ishga olmay, sarson-sargardon qilgan poraxo‘r-ku! Bugun yana ikkita avtobusdagi yurtdoshlarimiz Qozog‘istondagi qahratonda muzlab qolayozganini eshitib, tavbaga yukundi, bir kun boshi sajdaga ham tegadi. Ha, yaratganni esga olib, qabr azobini o‘ylab qolgani rost bo‘lsin! Demak, u halol yashamoqchi. Inshaalloh, ishga cho‘ntagingizdagi pul, tanish-bilishchilik bilan emas, salohiyat va iqtidoringizga qarab qabul qilinasiz!

Qarang, ibodatga shoshib qolgan rektor oliygohga faqat bilimli talabalarni qabul qilishga va’da beryapti!

O‘qish uchun imtiyozga ko‘z tikkan, bilimi haminqadar “ittifoqchi” va askarlar esa, imkoniyatni o‘zidan ancha a’lochi do‘stlariga bermoqchi!

Yer egallab, uy qurib, qimmatligi uchun sota olmayotgan boyvachcha uysiz bechoralar xaqida ham o‘ylab qoldi.

Byudjet xisobidan tuturiqsiz filmlar olib, endi xalqning ko‘ziga qaray olmayotgan rejissyor, axloqi buzuqroq yallachi va boshqalar ham o‘zligini taniyapti!

Million-million dollarlarini chet ellardagi banklarda saqlagan milliarder ham biz o‘ylaganchalik Xudo urgan banda emas ekan! Niyatini eshityapsizmi? U xalqdan tortib olganlarini yana o‘zimizga qaytarmoqchi! Yangi ish joylarini yaratmoqchi!

Endi shifokor odam o‘ldirmaydi, o‘qituvi millat kelajagining vaqtini o‘g‘irlamaydi! Melisa odam urmaydi, qonxo‘r, qabiq yurtdoshlarimiz bo‘lmaydi!

“Ertak-ku!” demang! Chunki, bir ijodkor sifatida yuragimning qoni bilan o‘qiyotganlaringizni yozayotgan bo‘lsam, ona sifatida tinmay duo qilib, Yaratgandan yurtga, xalqqa ezguliklarni, yaxshiliklarni so‘rayapman. Mendaka onalar qanchaligini bilasizmi? Millionlarining chin dildan qilgan duolari esa beijobat qolmaydi!

Bilasizmi, shu uch kun bizlarni birlashtirdi. Xatto, elparvar Prezidentga to‘g‘anoq bo‘layotganlar ham xalq qanday kuch ekanligini teranroq anglab yetishdi.

Norg‘ul yigitlarimizdan qolgan 52 qop kulga qarab, “Oxiratdan oldin yonmaylik!”, degan millatning iymoni, g‘ururi uyg‘ondi!

Bolangizning badaniga sanchilgan o‘n oltita igna millat yuragini teshib tashladi!

Endi biz xalq bo‘lamiz! Inshaalloh, xalq bo‘lamiz!

Muazzam Ibrohimova