Oila

Mehr-muhabbat – eng muhim zarurat (I qism)

Bu – erkaklar, ularning muvaffaqiyati, istiqboli va keksalik yillari o‘rganilgan eng uzoq tadqiqot yuzasidan chiqarilgan xulosa.

Nega ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishi bir xil bo‘lgan, bilim doirasining yuqoriligi bir-birinikidan farqli bo‘lmagan ikki erkakning hayot yo‘li ikki xil bo‘ladi? Biri baxtli, boshqasi esa baxtdan mosuvo.

Hayotdagi munosabatlar va kasbiy faoliyatdagi muvaffaqiyatning ahamiyatini o‘rganishda inson tabiati yoki tarbiyasi muhim omilmi?

Insonning navqiron yoshlik davrida sodir bo‘ladigan qanday jismoniy va ruhiy omillar uning uzoq va mazmunli umr kechirishidan darak beradi?

1938 yilda Harvard tibbiyot maktabining bir guruh tadqiqotchilari mazkur favqulodda qiziq bo‘lgan savollarga javob topish, "eng maqbul hayot"ning omillarini kashf qilish istagida tadqiqot o‘tkazdilar. Tadqiqot ob’yekti sifatida universitetning 1939-1944 yillarda tahsil olgan 268 nafar ikkinchi bosqich talabalari tanlab olindi va imtihonlar orqali ularning hayotining eng kamida yigirma yilligi, bolalik va hozirgi, keyingi hayoti sinchiklab o‘rganila boshlandi. Tanlab olingan erkaklar ham jismonan, ham aqlan barkamol bo‘lib, kelajakda salohiyatlari evaziga muvaffaqiyatli insonlar bo‘lib voyaga yetishlariga shubha yo‘q edi.  Tanlanganlarning aksariyati o‘ziga to‘q xonadon farzandlari bo‘lishsa, boshqalari imtiyoz va stipendiya asosida bilim olayotgan, kambag‘al oilaning bilimli farzandi edilar.

Tadqiqot qatnashchilari ularning hayotlariga daxldor o‘tkazilajak yirik ko‘lamdagi tajribaning ko‘ngillilariga aylanishdi. Ular salomatlikka oid tekshiruvlar, psixologik so‘rovlar orqali tadqiq qilindilar. Olimlar ularning uylariga tashrif buyurib, ota-onalari bilan suhbatlashdilar, shuningdek ularga qarindosh bo‘lgan uch avlod vakillarini suhbatlarga tortdilar, Harvard talabasiga oid savollar berdilar. Yilma-yil to‘ldirilgan so‘rovnomalar talabalarning salomatligi, fe’l-atvori, oilasi, siyosiy qarashlari, kasbi, turmush hayotiga oid dalillar bilan to‘ldi. Har 10-15 yilda ular bilan yuzma-yuz suhbatlar tashkil qilindi.

"Grant tadqiqot" nomi bilan tanilgan ushbu loyiha bugungacha – boshlanganidan buyon 75 yildan oshiq vaqt mobaynida, hozirgacha davom etmoqda. Bir necha marotaba qayta-qayta uzaytirilgan tadqiqot bugungacha o‘tkazilgan ilmiy o‘rganishlar orasida eng uzog‘idir. O‘rganishga boshchilik qilayotgan Jorj Vayllent tadqiqot boshqaruviga kelganida 32 yoshda, ishtirokchilar esa 50 yoshda edilar. Mana, u bir necha o‘n yillardan buyon loyihaga bosh-qosh bo‘lib kelmoqda va hozir saksonga yaqinlashib qolgan. Hozir tadqiqotda ishtirok etayotganlar esa to‘qsonni qoralab qolgan qariyalar. Ishtirokchilar hali ham o‘zlariga berilayotgan savolnomalarni to‘ldirib beradilar, Vayllent esa ularning javoblarini o‘rganib boradi.

Mana, tadqiqot tarixida yettinchi o‘n yillik yakun topmoqda va to‘plangan ulkan ma’lumotlar insonning baxtli keksalik davriga ta’sir ko‘rsatadigan yoshlik omillarini tahlil qilish va aniqlash uchun yetarli asosdir. Olimlar  muhim jihatlarni qayd qilish maqsadida savolnomalarni muntazam ravishda sinchiklab o‘rganib, insonni baxtga olib boruvchi hayotiy elementlarni elakdan o‘tkazib kelmoqdalar. Tadqiqot munosib umrga xos tagzaminlar haqida xulosa yasashga asos bo‘ladigan ilk ilmiy qarashlarni ilgari surmoqda.

Munosabatlarning ahamiyati

Ma’lum bo‘lishicha, inson muvaffaqiyati va o‘ziga ishonchi 10 ta tarkibiy qismdan iborat ekan. Bular – kasbda yuksalish, o‘z ishida nom qozonish, ruhiy va jismoniy salomatlik, chiroyli turmush, sadoqatli do‘stlik, o‘z farzandlariga e’tiborli bo‘lish, ishdan zavq olish, muhabbatni tuyish, baxtiyorlikning nisbiy darajasini his qilish. Bularni birgalikda "umr mohiyatining o‘nkurashi" deyish mumkin. Bu yerdagi ruhiy holatlarni inson 65-80 yoshlaridagina his qilar ekan. Ungacha esa bu borada shaxsiy xulosalariga ega bo‘lmaydi. Xo‘sh, bu insonga o‘tmishda yuksak darajadagi baxtga yetishiga sabab bo‘ladigan qanday omillar bo‘lishi mumkin?

Jorj Vayllent ma’lumotlarni tahlil qilar ekan, insonning maqbul hayoti bilan uning intellektual salohiyati, tanasining tuzilishi (mezomorf, ektomorf, endomorf), ota-onasining bilim darajasi va topish-tutishi o‘rtasida biror bir bog‘liqlikni topa olmadi.

Bu omillarni bog‘lab turuvchi yagona omil, bu – munosabatlar ekan. Ya’ni, mehrga to‘la bolalik, hazil-mutoyiba, vazminlik va ijobiylikka to‘la fe’l-atvor (kimgadir musht tushirishga to‘g‘ri kelgan vaziyatda bosiqlik qilish), bir so‘z bilan aytganda – kollej yillarida shakllangan mo‘minlik, muloyim shaxsiyat, boshqalarni tushunish (me’yorida).

37-47 yoshlarda do‘stlar, qarindoshlar bilan mustahkam munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro bordi-keldi qilish va ijtimoiy tashkilotchilikda faol bo‘lish juda muhim. Tadqiqot natijalaridan ma’lum bo‘ldiki, yoshligida va o‘rta yosh vaqtida o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashda faol bo‘lgan, ya’ni do‘st va qarindoshlar uchrashuvini doimo tashkil qilib yuradigan kishilar eng baxtli keksalik gashtiga yetar ekanlar. Buning barchasi bevosita odamlar bilan o‘rnatilgan munosabatlarga daxldor.

Dilkash munosabatlarning kuchli ta’siri inson hayotidagi turli holatda ko‘rinadi, xususan yaxshi munosabat ularning topish-tutishlariga ham baraka olib kirar ekan.

Misol uchun, o‘z aka-ukalari bilan yaxshi munosabat o‘rnata olgan odam yaqinlariga e’tiborsiz yoki aka-singlisi yo‘q odamga nisbatan yiliga 51 ming AQSh dollari miqdorida oshiqcha mablag‘ topar ekan.

Ahil xonadonda voyaga yetgan farzand tarqoq oilada o‘sgan kishiga nisbatan 66 ming AQSh dollari miqdorida ko‘proq mablag‘ topadi.

Mehribon va mushfiq onaning mehrini his qilib ulg‘aygan farzand ona e’tiborini totmagan odamga qaraganda 87 ming AQSh dollari miqdorida ko‘proq mablag‘ topadi.

Odamlar bilan iliq munosabatlar o‘rnata olgan 58 nafar qatnashchilar atrofidagilar bilan iliq munosabatlarni xushlamagan 31 nafar ishtirokchiga qaraganda 150 ming AQSh dollari miqdorida ko‘proq yillik daromadga ega bo‘lganlar.

Unutmang, bu qatnashchilarning barchasi Harvard universitetining ta’lim-tarbiyasi bilan ishga kirishishgan. Yana shuni bilingki, ularning ota-onalarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ishtirokchilarning kelajakdagi daromadlariga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan, ya’ni ular bunga o‘zlari erishganlar.

To‘plangan tajriba va bilim odamlar bilan munosabatning munosib hayot kechirishdagi ahamiyatini isbotladi. Yaxshi munosabatning omillari esa bolalik, ota va onaning ta’siri bilan bevosita bog‘lanadi.

Inson bolaligining umriga ta’siri

"Yoshligida umid qilishni, sevishni va hayotga ishonch bilan boqishni bilmagan odamga umr hayf." Jozef Konrad

Bolalikning insonning istiqbolli umriga ta’sirini baholash uchun tadqiqot qatnashchilari quyidagi mezonlar asosida baholandilar.

Qatnashchi ulg‘aygan oila muhiti samimiy va barqaror munosabatlar asosiga qurilganmi?

Bolaning otasi bilan munosabati samimiy va mustahkam bo‘lganmi?

Bola mustaqil bo‘lganmi, ota-bola o‘rtasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va hurmat bo‘lganmi? Xuddi shu nuqtai nazardan, bolaning onasi bilan munosabati o‘rganilgan.

Qatnashchining o‘zi ulg‘aygan oilaviy muhitdan rozi yoki noroziligi.

Qatnashchining aka-uka va opa-singillari bilan o‘zaro munosabati.

Ma’lum bo‘ldiki, samimiy oilaviy muhitda o‘tgan bolalik baxtli kelajakning bosh asosi ekan. Bunda ota-onaning o‘ziga to‘q yoki kambag‘alligining ahamiyati yo‘q. Samimiy xonadonlar vakillari nisbatan kuchliroq bo‘ladilar. Ayniqsa, 70 yoshdan boshlab inson baxtli o‘tgan bolaligini o‘ylab, huzurlana boshlar ekan.

Mehrga to‘ygan va mehrga zor o‘tgan bolalik vakillarining hayoti tadqiq qilinganida quyidagilar ma’lum bo‘lgan:

Mehr-e’tibor ko‘rgan farzand:

- boshqalarga nisbatan 50 foiz ko‘proq daromad ko‘rish imkoniga ega;

- 70 yoshida boshqalarga nisbatan 5 marotaba ko‘proq do‘stlik va atrofidagilar g‘amxo‘rligidan bahramand bo‘ladi.

Mehr-e’tiborni his qilmay ulg‘ayganlarda:

- boshqalarga qaraganda ruhiy kasalliklarga chalinish (tushkunlik, ichkilikbozlik va boshqalar) ehtimoli 3 marotaba ko‘proq bo‘ladi;

- ko‘proq dorilarga ehtiyoj sezib, shifokorlarga ko‘proq murojaat qiladilar.

Mehrli, muhabbatga to‘la tarbiya farzandning hayotiy, kasbiy  muvaffaqiyati, uzoq va mazmunli umr kechirishida dolzarb omil ekan.

Tadqiqotning ilk yillari urushga to‘g‘ri kelgani bois, keyinchalik bu qatnashchilarning bolalik o‘tmishi va jasorati o‘rtasidagi bog‘liqlikni tahlil qilishga zamin yaratdi. Ma’lum bo‘lishicha, urushda asosan oilasi, ota-onasiga mehribon, bolaligi shod o‘tgan ishtirokchilar qahramonlik ko‘rsatishgan. Beqiyos bolalikka ega 27 nafar ishtirokchidan 24 nafari birinchi darajali leytenant, qolgani katta ofitser darajasiga yetgan. 30 nafar o‘rta miyona bolalik sohiblaridan 17 nafari birinchi darajali leytenant bo‘lgan va ular orasidan ofitser chiqmagan. "Yaxshi ofitserlar harbiy dala maydonlarida emas, mehr-muhabbatga to‘la fayzli oilalarda ulg‘ayishadi," deb xulosa qiladi Vayllent.

Davomi bor ...