Bilasizmi?

Malayziyaga bormoqchimisiz?

Malayziya ochiqko‘ngil aholisi, nam iqlimi, ekzotikasi va ajabtovur o‘simliklari bilan ajralib turuvchi sharq mamlakatidir. Malayziyaliklarning boshqa xalqlardan farqlanib turadigan bir qator jihatlari, odatlari bor. Birinchi ko‘rishda sayyohga qiziq tuyulishi mumkin.

Malayziya – ko‘p millatli diyordir: malaylar, xitoylar va hindlar istiqomat qilishadi. Aholisi ko‘p millatli va turfa dinlarga e’tiqod qilishiga qaramay o‘zaro mushtarak qadriyatlar bilan yashashadi.

Ammo malayziyaliklarning bayramlari kam. Buni ularning mehnatsevarligi bilan izohlash mumkin. Hattoki, mehnat ta’tilining muddati ikki haftadan oshmaydi.

Malayziyada chapaqaylarga ro‘yxushlik berishmaydi. Barcha ishni o‘ng qo‘l bilan bajarsangiz yoqasiz, shuning uchun ovqatlanish, biror narsani uzatish uchun o‘ng qo‘lni ishlating. Birovning boshiga chap qo‘lni tekkazish umuman mumkin emas.

Malayziyaliklar xuddi bizga o‘xshab, belgilangan uchrashuvga kechikishi oddiy hol. Ular nemislardek emas. Biror kelishuv yuzasidan o‘tkazilayotgan suhbat shaxsiy mavzuga burilib, oila, bola-chaqani bahuzur surishtirib ketishsa, hayron bo‘lmang. Bu mamlakatda masalani to‘g‘ridan-to‘g‘ri bayon etish emas, xushmuomalalik va odobga ko‘proq e’tibor beriladi. Shuning uchun kosa tagidagi nimkosani ko‘ra olish kerak. “Sharq nozik masala”, deb aytishadi-ku.

Kattalarni o‘zbeklar singari amaki (pakcik), xola (makcik) deb chaqirishadi. Bu ularda hurmat belgisi sanaladi.

Kuala-Lumpurda Petronasning 452 metrli (88 qavat) egizak binolari joylashgan. “N” shaklidagi osmono‘par bir muddat dunyoning eng baland binosi maqomida turdi. Raqobatni kuchaytirish uchun ikkala minorani qurish alohida kompaniyalarga topshirilgan. Barcha qurilish materiallari Malayziyaning o‘zida ishlab chiqarilgan.

Borneo chakalakzorlarida “o‘ziyurar” daraxtlar o‘sadi. Bu afsona emas, daraxt suv izlab yo‘lga chiqadi va yilda bir necha metr yo‘l bosib qo‘yadi.

Malayziyada ayiqlarning eng kichkinasi istiqomat qiladi, uning nomi biruang. Bo‘yi 50-60 sm, vazni 65 kgdan oshmaydi. Shunga qaramasdan u juda badjahl, uchratib qolsangiz jahlini qo‘zg‘ata ko‘rmang.

Malayziyaliklar ochiq yuzli xalq. Barchaga tabassum hadya qilishdan erinmaydi. Ularning jilmayishida tamagirlik alomati yo‘q. Sayyohlarni hurmat qilishadi.

lifehacker.ru sayti maqolasi asosida tayyorlandi