Salomatlik

Jahon chempionatiga boramiz(mi)?!

I-qism

Mundial, mana necha yillarki, barcha o‘zbek futboli ishqibozlari uchun ushalmas orzu bo‘lib qolmoqda. Har safar ham eng muhim pallalarda O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nimadir pand beradi, kimdir oyoqdan chaladi va hakazo. Natijada boshni changallagancha jahon chempionatidan mosivo bo‘laveramiz.

Mayli, tarix ortda qoldi. Bugun ularni eslashdan ortiq naf yo‘q. Eng muhimi, ulardan chiqarilgan saboq oldindagi muhim sinovlar chog‘ida asqotsin. Zero, aqlli odamlar mag‘lubiyatlardan g‘alabalar uchun asos sifatida foydalanadi.

Shunday qilib, orziqib kutilgan qur’a natijalari, ko‘pchlikning fikricha, Vatanimizning bosh jamoasi uchun omadli bo‘ldi. Bundan ortig‘i ham bo‘lmaydi. Biz ayni dam O‘zbekistonga Avstraliya va Yaponiya singari kuchli jamoalar raqib bo‘lmaganidan qanchalar quvonayotgan bo‘lsak, janublik koreyslar ham guruhda Saudiya Arabistoni emas, hech qachon yutqazmagan O‘zbekiston terma jamoasi tushganidan shunchalar boshlari osmonda ekanini yashirib o‘tirishmayapti. Mayli, hali ular bilan alohida hisob-kitobimiz bor.

Eron terma jamoasini boshqarayotgan ayyor Karlush Keyrushning ham guruhda o‘zi yaxshi taniydigan “eski qadrdonlari” raqiblik qilishidan og‘zi qulog‘ida bo‘lsa, ajab emas. Balki, allaqachon “jang rejalari” va “strategiyalari”ni tuzishga kirishgandir?! Biroq endi shallaqi janobning nog‘orasiga o‘ynaydigan anoyi yo‘q.

“Qoni yangilanayotgan” Qatarni mensimaslik yaxshi emas. Jahon chempionatini o‘zida qabul qilishga tayyorlanayotgan bu yurtda futbol o‘ynash uchun hamma sharoit mavjud va Qatar chetdan mutaxassis yollab, barchasini zamonaviy asosda yo‘lga qo‘yishga intilmoqda. Olimpiya terma jamoasining ko‘rsatgan natijasi, futbolchilarining o‘yinlariga guvoh bo‘ldik. Aniqki, Osiyoda yana bir kuchli terma jamoa shakllanib borayapti. Bu degani, saralash o‘yinlarida Qatar yaxshigina “boshog‘riq” bo‘lishi mumkin.

Suriya. Yurti notinch bo‘lgan bu terma jamoaning so‘ngi bosqichga yetib kelganining o‘zi katta yutuq. O‘z uyida o‘ynash baxtidan begona bo‘lgan suriyaliklar guruhda boshqalarga shunchaki gol ulashadi, degan fikrlar ham yo‘q emas. Biroq xulosaga hali erta.

Taxminlar, fikrlar, mulohazalar ko‘p. Saytimiz orqali O‘zbekiston terma jamoasining saralash o‘yinlaridagi ishtiroki, imkoniyatlari borasida futbol mutaxassislari, sport jurnalistlarining fikr-mulohazalarini berib borishni reja qildik.

“Jahon chempionatiga boramiz(mi)?!” turkumidagi suhbatimizning dastlabki mehmoni “Sport” telekanalining katta muharriri, sport jurnalisti Kamoliddin Alimov. Mehmonlarga uchta savol bilan murojaat qilinadi.

1-savol: O‘zbekistonning guruhdan chiqish imkoniyatini qanday baholaysiz?

Xuddi buyurtma berilganidek, qur’a va taqvim biz uchun juda ham omadli keldi. Avvalboshdan guruhimizga Avstraliya va Yaponiya terma jamoasining tushmasligini xohlagandik. Amalda ham shunday bo‘ldi. Har holda Yashil qit’aga borib kelish bilan Eronga uch soatlik parvoz o‘rtasida katta farq bor-da. Aksincha, JCh-2014 saralash bosqichidagi eski tanishlarimiz Janubiy Koreya, Qatar va Eron bilan yana bir bor to‘qnash keladigan bo‘ldik. Taqvimning qulayligini aytmaysizmi, Rossiya tomon yurishni o‘z maydonimizda Suriyaga qarshi o‘yin bilan boshlab, Toshkentda guruh yetakchisi Janubiy Koreyaga qarshi uchrashuv bilan yakunlaymiz. Yana bir muhim jihati shundaki, guruhning dastlabki 4 ta uchrashuvidan 3 tasini o‘z maydonimizda o‘tkazamiz. Beshinchi turga boribgina asosiy raqib Koreya bilan to‘qnash kelamiz. Shunda ham birinchi bo‘lib Koreyaga boramiz. Ochko juda kerakligida, ya’ni so‘nggi turda koreyslarni o‘z maydonimizda qabul qilishimiz terma jamoamizga qo‘shimcha imkoniyatlarni taqdim etadi. Keyin sentyabr va oktyabr oylarida chempionatimiz ayni qizigan bo‘ladi. Odatda bu paytda terma jamoamiz yomon o‘yin ko‘rsatmaydi. Futbolchilar ayni kuchga to‘lgan va sport formasiga kirgan bo‘ladi. Bu ham terma jamoamiz foydasiga xizmat qilishi kerak.

Guruhdagi asosiy raqiblar bu Koreya va Eron bo‘lishini taxmin qilish mushkul emas. So‘nggi yillarda Xitoy futboli saviyasi tushib ketgandi. Futboldan tashqari boshqa barcha Olimpiya oilasiga mansub sport turlarida olamshumul yutuqlarga erishayotgan xitoyliklar endi millionlar o‘yiniga ham e’tibor qaratishyapti. Futbolga katta sarmoya kiritilmoqda. Xitoy chempionatida o‘ynayotgan legionerlar mahalliy futbolchilarning saviya bobida o‘sishiga xizmat qilishi kerak. Qatar terma jamoasi sun’iy ravishda mahalliylashtirilgan futbolchilar evaziga kuchaymoqda. Xullas, guruhimiz kutganimizdan ham yaxshi. Bemalol guruhda dastlabki ikkita o‘rindan birini egallab, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishimiz mumkin.

2-savol: Milliy terma jamoamizning kuchli va kuchsiz jihatlari?

Joriy yilning 1 sentyabr kuni Suriyaga qarshi kechadigan guruhning ilk uchrashuvida sariq kartochkalari yig‘ilib qolgani bois, markaziy himoyachi Yegor Krimets terma jamoamizga yordam bera olmaydi. Uning o‘rnini bilinishi mumkin. Lekin o‘z oldiga JChga chiqish vazifasini qo‘ygan jamoa uchun bir futbolchining yo‘qligi katta muammo bo‘lmasligi kerak. Hozirgi tarkib avvalgi saralasharda ishtirok etgan tarkibdan kuchli. Bu shaxsiy fikrim. Bosh murabbiy Samvel Babayan ham matbuot anjumanlarining birida xuddi shu narsaga urg‘u qaratdi. Bu terma jamoamizning ustun tomonlaridan biri. Ustunlikdan esa foydalanish lozim. Server Jeparov, Anzur Ismoilov, Aleksandr Geynrix singari tajribali va shu bilan birga asosiy tarkib futbolchilarimiz uchun bu faoliyatlaridagi JChga chiqish uchun so‘nggi imkoniyat bo‘ladi. Yetakchi futbolchilarimizga bu qo‘shimcha motivatsiya berishi shubhasiz. Minus tomonlarimizdan biri va ta’bir joiz bo‘lsa, eng dolzarbi hanuz so‘nggi hal qiluvchi bosqich uchun tayyorgarlik rejasining yo‘qligi. Bunga O‘FF Terma jamoalar markazi mas’ul. O‘zi aslida o‘rtoqlik o‘yinlari kamida yil boshida o‘sha bir yil uchun tasdiqlanib bo‘linishi shart. Faqat biz (O‘FF Terma jamoalar markazi) bunga amal qilmaymiz. Bizning o‘z qonun-qoida va futbolga qarashlarimiz bor-da!461937648

E’tibor bering, asosiy raqibimiz Janubiy Koreya terma jamoasi iyun oyida Ispaniya va Chexiya bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushadi. 1 iyun kuniga belgilangan Ispaniya – Janubiy Koreya o‘yinining Avstriyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Koreyslar 5 iyun sanasida Chexiya bilan to‘qnash kelishadi. O‘tgan mundialning saralashida oyog‘imizdan tortib qolgan Eron esa Xorvatiya va Makedoniya bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish bo‘yicha kelishib qo‘ygan. Rejaga ko‘ra, 30 may kuni Xorvatiya, 2 iyunda esa Makedoniyaga qarshi o‘yin bo‘lib o‘tadi. Yana bir raqib Qatar terma jamoasi 29 may kuni Avstriyada Albaniya bilan o‘ynaydi. Suriya terma jamoasi 31 may kuni Xanoy shahrida Vetnam bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazishini ma’lum qilgan. Xitoy esa 7 iyunda Ispaniyada Andorra bilan o‘yin o‘tkazadi. Guruhdagi bu raqiblarimiz o‘z o‘rtoqlik o‘yinlarini qur’adan keyin oshkor qilishmadi. Ular avvaldan o‘rtoqlik uchrashuvlari bo‘yicha jamoalar bilan kelishib qo‘yishgan edi. Bizga o‘xshab qaysi jamoa tushar ekan, shunga qarab raqib tanlaymiz, deb o‘tirishgani yo‘q. Bunday eskicha fikrlaydigan zamonlar o‘tib ketdi. O‘zbekiston uchun muhimi jamoaviy o‘yinni yanada kuchaytirish, futbolchilarning o‘zaro bir-birini tushunishi va hamjihatligini oshirish bo‘lishi kerak emasmi? Qachongacha hamma terma jamoalar allaqachon bir-biri bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish bo‘yicha kelishib olganda, biz qolgan-qutgan jamoalarni qidirib yuraveramiz?

3-savol: Terma jamoaga xorijlik mutaxassis (maslahatchi murabbiy) kerak, degan fikrga qo‘shilasizmi?

Ikkinchi saralash bosqichidagi natijalarga qarasak, murabbiylar shtabining ishiga e’tiroz yo‘q. Livan bilan o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvi bilan qo‘shib hisoblaganda terma jamoamiz ketma-ket 8 ta o‘yinda g‘alabaga erishdi. Shu paytgacha bizga bosh og‘rig‘i bo‘lib kelgan Bahrayn terma jamoasi ham safarda, ham o‘z maydonimizda mag‘lub etdik. Noxush an’anaga Babayan davrida chek qo‘yilgani murabbiyning obro‘sini oshirishi tayin. Lekin boshqa tomondan unutmaslik kerak, biz shu paytgacha ham ikkinchi saralash bosqichidan deyarli muammosiz o‘tib kelganmiz. JCh-2018 ikkinchi saralash bosqichidagi natijalarimizdan havolanib, juda mag‘rurlanib ketmaslik kerak. So‘nggi bosqichda barcha jamoalarning niyati jiddiy bo‘ladi. Biz yana eskin tanishlar bilan to‘qnash kelamiz. O‘sha eski tanishlar bizni bundan avvalgi mundialning saralashida “yig‘latib” ketishgandi. Yodingizdami, o‘shanda Koreya so‘nggi turni o‘z maydonida Eronga qarshi o‘tkazgandi. Durang ham Koreyani JCh-2014 final bosqichiga olib chiqardi. Koreyslar kamida durang o‘ynash orqali bizni ham o‘zlariga ergashtirib, mundialga olib chiqishardi. Lekin g‘ayrioddiy tarzda biz kutgan natija bo‘lmagandi. Shu bois, bu galgi saralash bosqichida hamma narsaga tayyor turish kerak.

Bosh murabbiyni qoldirib, uning oldiga xorijlik kuchli mutaxassisni olib kelish kerak, deb o‘ylayman. Kechirasizu, Deyan Jurjevich bunday toifadagi murabbiy emas. Bizga safarga borib, raqib o‘yinlarini o‘rganib keladigan emas, shu yerning o‘zida, murabbiy yonida kamarbasta bo‘lib ishlaydigan nomdor mutaxassis kerak. Haliyam kech emas. Otni tezroq qamchilab qolmasak, bu safar ham JChga chiqish orzularimiz sarob bo‘lib qolishi mumkin. Keyin har to‘rt yilda shu bo‘lar takror, degan jumlalarni aytib, hirgoyi qilib yurmaymiz. Barchamizning istagimiz milliy terma jamoamizni JCh-2018 final bosqichida ko‘rish ekan, yagona maqsad yo‘lida birlashishimiz kerak. Bosh murabbiy va uning yordamchilari o‘z ishlarini qilishsin! Futbolchilar jon kuydirib maydonda so‘nggi soniyagacha kurashishsin! Muxlislar ham astoydil futbolchilarimizni qo‘llab-quvvatlashsin! Shunda hammasi yaxshi bo‘ladi.