Bilasizmi?

Ish uchun suhbatlarda berilgan ajabtovur savollar 10 taligi

Sotsiologik tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, yer yuzidagi muayyan ish joyiga ega insonlarning 45 foizi o‘z ishidan nolir, boshqa bir munosib ish topishni xohlar ekan. Bunday sharoitda esa har kimdan “nega senga to‘lashim kerak?”, “qo‘lingdan nima ish keladi?” kabi nigoh bilan qarshisida turgan ish beruvchining savollariga qoyilmaqom qilib javob berish mahorati talab etiladi.

Ayni paytda yurtimizda ham ishga olishdan avval bo‘lajak xodim bilan suhbatlashish an’anasi keng urf bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan, quyida sizga har yili kasb-hunar topishga yordamlashuvchi Glassdoor nashri tomonidan e’lon qilinadigan, ishga kirish uchun suhbatlarda so‘ralgan navbatdagi eng ajabtovur savollarni e’tiboringizga havola qilamiz. Mazkur savollar AQSh va Yevropadagi muassasalarga ishga kirish istagida bo‘lgan nomzodlardan so‘ralgan.

Bugungi zamonaviy suhbatlar ayniqsa nomzodlarning o‘zgacha yoki majoziy ma’noda aytadigan bo‘lsak, 3D fikrlashi, ijodiy yondashuvi hamda dunyoqarashi kengligini sinovdan o‘tkazadi. Umid qilamizki, ishga kiruvchi nomzodalrdan so‘ralgan quyidagi 10 ta savol siz uchun ham qiziqarli va foydali bo‘ladi.

"Agar sizning qo‘lingizda $2,000 dollari bo‘lganida, uni 24 soat ichida qanday qilib 2 marotabaga ko‘paytirgan bo‘lar edingiz?" -- Uniqlo savdo va kiyim-kechak tarmog‘i muassasasi, boshqaruv menejmenti lavozimi.

"Nima deb o‘ylaysiz, bu xonaga nechta basketbol ustunini o‘rnatish mumkin?" -- Delta Airlines muassasasi, kooperativ daromad boshqaruvi lavozimi.

"Agar siz biror bir savdo belgisi, ya’ni brend bo‘lganingizda, o‘zingizga qanday shior tanlagan bo‘lar edingiz?" -- Boston Consulting Group muassasasi, konsultant-maslahatchi lavozimi.

"Muzlatkichni ochganingizda u yerda pingvingni ko‘rib qolsangiz nima qilgan bo‘lar edingiz?" -- Trader Joe’s xizmat ko‘rsatish muassasasi.

"Sizga kimdir tadbirkorlik bilan shug‘ullanish sharti bilan $40 ming dollar mablag‘ bersa, ishni nimadan boshlagan bo‘lar edingiz?" -- Hubspot muassasasi, hisob-kitob menejerligi lavozimi.

"Sizga Floridada qaynoq kakao sotish vazifasi yuklanganida ishni qanday qilib uddalagan bo‘lar edingiz?" -- J.W. Business Acquisitions kompaniyasi, HR-menejeri laovzimi.

"Agar qo‘shiqchi bo‘lganingizda ilk albomingizni qanday nomlagan bo‘lar edingiz?" -- Urban Outfitters kompaniyasi, savdo-sotiq menejeri laovzimi.

"Deylik siz biror bir yirik kompaniyaning rahbarisiz. Erta tongda uyqudan uyg‘ongach, birinchi bo‘lib biznesingizga oid qaysi uch ma’lumotni tekshirib ko‘rgan bo‘lar edingiz?" -- Dropbox, dasturlash mutaxassisi lavozimi.

Nima deb o‘ylaysiz, siz uchun otdek gavdali g‘oz bilan jang qilish osonmi yoki g‘ozdek gavdali 100 ta ot bilan jang qilish osonmi? -- Whole Foods Market, qassob lavozimi.

"Agar hot-dogni cho‘zsangiz, uning katta bo‘lagi qaysi tomonda qoladi va nima uchun?" – SpaceX kompaniyasi, rivojlanishni tahlil va tadqiq qilish mutaxassisi lavozimi.

Albatta, "Eng kuchsiz jihatingiz nima deb o‘ylaysiz?" kabi savollarga javob berish ba’zida juda osondek ko‘rinadi. Ammo suhbat chog‘ida ish beruvchi sizni har tomonlama o‘rganishga kirishadi. Bilimingizdan ham ko‘ra, ular uchun fe’l-atvoringiz muhim hisoblanadi. Boisi, ish jarayonida vazifaning samaradorligi xodimning bilimi emas, qat’iy va irodali ekaniga bog‘liq bo‘lishi ilm-fanda isbotlangan.

Barchangizga ishda va hayotda omad yor bo‘lsin!