Salomatlik

Inson miyasining faoliyatiga ta’sir qiluvchi 10 omil

Zamonaviy neyrovizualizatsiya yoki sodda tilda aytadigan bo‘lsak, asab kasalliklarini o‘rganuvchi fan inson miyasi faoliyatining o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi eng ko‘p kuzatilgan omillar ro‘yxatini shakllantirdi. Ular miyaga turlicha ta’sir o‘tkazadi: qaysidir biri uning moddalar ishlab chiqarish faoligini kamaytirsa, boshqasi miyaning shaklini yoki kimyoviy tarkibini o‘zgartirib yuboradi, ba’zilari esa aksincha, faoliyatini yaxshilaydi.

Sizga quyida salomatlingiz uchun zarur bo‘lgan, miya faoliyatiga yaxshi va yomon ta’sir qiluvchi 10 ta omil haqida so‘zlaymiz. Bu ma’lumot va dallilar ruhiy mavzularni yoritishga ixtisoslashgan nashrlardan olingan bo‘lib, ilmiy qarashlarga asoslangan.

 Kam uyqu

Kam uxlash yoki uxlay olmaslik miya hajmining kichrayishiga sabab bo‘ladi. Bu 2015 yilda Oksford universitetida o‘tkazilgan tadqiqot natijalarining xulosasi.  “Neurology” asab kasalliklarini yoritishga ixtisoslashgan jurnalda chop etilgan tadqiqotning natijalariga ko‘ra, qaysi yoshda bo‘lishidan qat’i nazar, uyqusizlik miya hajmining torayib, funksiyalarining qisqarishiga sabab bo‘ladi.

Miyaning tolqishi va hordiq chiqarmasligi uning zo‘riqishiga olib keladi. Natijada, miyaning yuqori, old va quyi qismida (miya po‘stlog‘i asab tizimi), ya’ni insonning nutqi, sezgi, idroki va zehni, qaror qabul qilishi, axborot almashishi kabi harakatlarini nazorat qiluvchi hududga jiddiy zarar yetadi.

Asar mutolaasi

"Siz o‘zingiz yozayotgan emas, aslida o‘zingiz mutolaa qilayotgan kitobning izmida bo‘lasiz," degan edi buyuk adib Jorj Luis Borxes. Chindan ham, argentinalik yozuvchi haq – buyuk asar buyuk iblisga o‘xshaydi: inson ongini osonlik bilan o‘z ta’sir doirasiga oladi. Miyaning bu holati ilmiy tadqiqotda ham o‘z isbotini topdi. Ma’lum bo‘lishicha, inson kitob mutolaa qilayotganida miya tarkibida o‘zgarish sodir bo‘ladi.

"Brain Connectivity" (Miyaning daxldorligi) jurnali homiyligida o‘tkazilgan tajriba uchun Robert Harrisning "Pompey" asari tanlab olindi. Tarixiy mavzudagi bu asar dramatik syujet, his-hayajonli, fojiali manzaralarga boy. Kitobni o‘qishga berilib ketgan o‘quvchining miyasi muntazam tekshirib borilganida, uning miyasining quyi chap tomonida, ya’ni nutq va fikrni ifodalashni nazorat qiluvchi hudud sirtida neyronlarning faol harakati kuzatilgan. Ya’ni, miyaning ta’sirchanlik darajasi oshib, asab tolalari zo‘riqishi sodir bo‘lgan.

Aytmoqchimizki, kitob tanlayotganda imkon boricha hissiy tuyg‘ularga ta’sir qilmaydigan, jangari, jinoyatchilik va boshqa insonning ruhiy holatiga zarba beradigan asarlarni o‘qishga shoshilmaslik kerak.

Shu bilan birga, badiiy asarlarning inson miyasiga ijobiy ta’sir qilishi ham ilmda isbotini topgan. "Psychological Science" (Ruhiyat ilmi) jurnalida yozilishicha, Frans Kafka va boshqa klassik, insonni mushohadaga boshlaydigan asarlar o‘quvchining zehnlilik, idrok darajasini yuksaltirar ekan.

Video o‘yinlarni o‘ynash

Bu o‘yinlarni me’yorida, deylik yarim soatga yetkazmasdan, vaqti-vaqti bilan o‘ynash maqsadga muvofiq. Uning vaqti soati bilan o‘ynash miyaga ijobiy ta’sir qilishi ham o‘z isbotini topgan.

Bu tajriba Toronto universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan. "Call of Duty" (burch chaqirig‘i), "Medal of Honor" (g‘urur medali) kabi otishma va jangari janrdagi video o‘yinlarga mukkasidan ketish miyada paydo bo‘ladigan elektromagnit to‘lqinlarining ko‘payib ketishi va uning zo‘riqishga olib kelar ekan.

Gap shundaki, bunday jarayonda bor diqqatning tasvirga qaratilishi insonning o‘z idrokini nazorat qila olmaslik, mulohazani unutish oqibatida uning fe’l-atvorida yangicha illatlarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Ya’ni, miyaning sintez qobiliyati ishdan chiqib, jahldorlik, so‘kinish, jinoyatga moyillik oshadi. Bu illatlar uning shaxsiy hayotiga ham ta’sir qiladi, fe’lida namoyon bo‘la boshlaydi.

Meditatsiya

Meditatsiya – tanani va ruhiyatni sog‘lomlashtirish mashqi. Tadqiqotlar natijasi meditatsiyaning miya faoliyatiga ijobiy ta’sir qilishini ko‘rsatmoqda. 2011 yilda AQShning Massachusets bosh shifoxonasi olimasi Sara Lazar tomonidan bu yo‘nalishda ilmiy izlanish olib borilgan. Sara tadqiqot uchun 16 nafar ruhiy kasalliklar tufayli davolanayotgan bemorni tanlab oladi va ular bilan 8 hafta mobaynida, har kuni 30 daqiqadan meditatsiya mashqlarini o‘tkazadi.

Magnit rezonansi usulida, ya’ni elektromagnit impuls yordamida tajriba ishtirokchilarining miyasi skaner qilinib, miya to‘qimalarining tovushi o‘rganildi. Yakunda shu ma’lum bo‘ldiki, ruhiy osuda va ichki idrokni rivojlantiruvchi bu mashqlar bosh miya po‘stlog‘ining bosh suyagidagi chakka qismiga yaqin hudud, ya’ni o‘qib-o‘rganish, ruhiy siqilish kabi holatni nazorat qiluvchi hudud faoliyatini yaxshilagan.

Boisi meditatsiya mashqlari vaqtida miyaning ichki qismida joylashgan, dofamin va boshqa zarur gormonlar ishlab chiqaruvchi qora modda suyuqligining miqdori oshar ekan.

Qora modda suyuqligining ko‘payishi insonga o‘z-o‘zini anglash va tahlil qilishiga, rahm-shafqat va mehr-muhabbatli bo‘lish hislarini mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Natijada miyadagi jahl va tushkunlik neyronlari joylashgan hudud faoliyati sustlashadi.

Shu sabali ham, ilmda ruhiy meditatsiya bilan shug‘ullanish tushkunlikni yengishning samarali usuli ekani aytiladi.

Sport bilan shug‘ullanish

Sport bilan shug‘ullanishning kelishgan va muskullarga boy tanani rivojlantirishdagi o‘rni beqiyos. Shu bilan birga, uning miya faoliyatidagi ahamiyati ham yuqori. Bu haqida "Archives of General Psychiatry" (umumiy psixiatriya arxivi) jurnalida e’lon qilingan.

Ma’lum qilinishcha, kamida 3 oy davomida haftada 3 marta 30 daqiqadan biror sport turi bilan, deylik velosiped haydash yoki mashq qilishga mo‘ljallangan zallarda shug‘ullanish gipokamp – bosh miya po‘stlog‘idagi chakka qismining 12 foizdan 16 foizgacha kengayishini ta’minlar ekan. Ya’ni, jismoniy faollik orqali miyadagi xotira sig‘imi kengayadi.

Yana bir tajriba shuni isbotladiki, uzoq masofaga yugurib kelgandan keyin inson yangi so‘zlarni 20 foiz tezroq o‘rganish ko‘nikmasiga ega bo‘lar ekan.

Buni ilmiy qarashni quyidagicha izohlash mumkin. Ya’ni, tananing faol harakati miyada markaziy asab tizimi faoliyatini yaxshilaydigan va asab to‘qimalari salomatligini ta’minlaydigan neyrotrop moddalarni ishlab chiqilishiga sabab bo‘ladi.

Davriy yoki surunkali kasallik

Surunkali va davriy kasalliklar oqibatida tananing jabr ko‘rishi ham miya faoliyatiga ta’sir qiladi. Bunda asosiy ta’sir va muammo miyaning peshona qismidagi po‘stlog‘ida, uning asab to‘qimalari bilan aloqaga kirishuvida sodir bo‘ladi. Natijada, tuyg‘u va hislarni nazorat qilish qiyinlashadi.

Bunga oid tadqiqot xalqaro "Nevrosayns" (asab ilmi) jurnalida chop etilgan.

Agar yuzingizning peshona va chakka qismida sezilayotgan og‘riq haftada mobaynida davom etsa, sizda miya faoliyati bilan bog‘liq kasallik rivojlanayotgan bo‘ladi va zudlik bilan shifokorga murojaat qiling. Bu – AQShning Norsvestern universiteti olimi Dante Chialvoning tavsiyasi.

Yangi bilimlarni o‘zlashtirish

"Yangi biror nimani o‘rganmasdan hech qachon tungi uyquga ketma!" degan ispanlarning mashhur tavsiyanamo maqoli bor. Bu odat miya uchun ham foydali ekan.

Buni miyadagi biokimyoviy tarkib bilan izohlash mumkin. Ya’ni, odam biror ma’lumotni eslab qolishi uchun uning miyasidagi asab to‘qimalari (neyronlar)bir-biri bilan aloqaga kirishishi kerak. Buning uchun esa  miyadagi oqsillar lipidlar (yog‘lar) va yog‘ kislotasining o‘zaro birikuvi kerak bo‘ladi.

Misol uchun, yangi til o‘rganish ham miyadagi qora moddaning ko‘payishiga xizmat qilar ekan. Bu AQShda o‘tkazilgan va "The Science of Neurology" (ruhiyat ilmi) jurnalida chop etilgan tadqiqotda ham o‘z isbotini topgan.

Ya’ni, katta yoshli bo‘lgan va xotirasining pasayib borayotganidan shikoyat qilgan keksalarning ilmiy salohiyati o‘rganilganida, ularning qiziqish doirasi tor bo‘lgani ma’lum bo‘lgan. Xuddi shu tajriba yoshi katta va xotirasi o‘tkir bo‘lgan qatlam orasida sinab ko‘rilganida, ularning dunyoqarashi va bilimi keng doirada ekanligi aniqlangan. Bu insonlarning ko‘pchiligi 2-3 ta tilni ham bilgan.

Bunga o‘xshash tajriba Londonda haydovchilik kasbi egalari o‘rtasida ham o‘tkazilgan. Ma’lum bo‘lishicha, shahar ko‘chalarini ikir-chikirigacha bilish, dunyoni va geografik bilimlardan xabardorlik ham xotirani kengayishi, miyaning yaxshi ishlashiga xizmat qiladi.

Tamaki chekish

Tamaki haqida so‘z ketganida, uning faqat o‘pkaga ta’siri haqida gapirish xato. Chunki nikotin miyaning kimyoviy tarkibini ham o‘zgartirib yuboradi.

Germaniyaning Bonn universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqotda bu qarash o‘z isbotini topgan. Tadqiqotda tajriba sifatida 43 nafar kashanda tanlab olingan va ularning miyalari o‘rganilgan.

“Tamaki qarmog‘i”ga ilingan kashandalarning miyasida uning faoliyati uchun juda zarur bo‘lgan N-Atsetilaspartat aminokislotasining kamayib ketgani ma’lum bo‘ldi. Bu chekuvchilardagi hayotdan zavqlanish, xursand bo‘lish tuyg‘ularini cheklaydi va biror xastalikda og‘riqlarga bo‘lgan bardoshni kamaytiradi.

Shuningdek, tamaki iste’moli natijasida yurak va miya uchun muhim bo‘lgan xolin moddasining miqdori ham qisqarib ketadi. Natijada, shizofreniya kabi ruhiy xasatliklar kelib chiqadi. Ammo kashanda sog‘lom turmush tarziga qaytsa, tanasi ushbu kamchiliklarni osonlik bilan bartaraf qiladi.

Jonglyorlik san’ati

Siz biror fokus turini bilasizmi? Uchta koptokchani havoda aylantirishni bilish nafaqat qobiliyat, balki miya uchun ham koni foyda ekan. Har qanday harakatli fokus miyadagi oq modda ulushini oshirar ekan. Bu xulosa Oksford universitetida o‘tkazilgan ilmiy tadqiqot natijasi. Hatto keksalikda ham bu usul foyda berishi mumkin.

Miyadagi qora modda axborotlarni qayta ishlayotganida, oq modda neyron va to‘qimalar o‘rtasidagi aloqani bog‘laydi.

Tajriba uchun 24 nafar ko‘ngilli tanlab olingan va 6 hafta davomida har kuni 30 daqiqadan ularga jonglyorlik san’atidan saboq berilgan. Bu mashqlar ishtirokchilar miyasining ma’lumotni o‘tkazuvchanlik, ya’ni ko‘rish, his qilish qobiliyatini oshirgani aniqlangan.

Haddan tashqari semizlik

Bu yerda gap vazni kamida 120 kg bo‘lgan odamlar haqida ketmoqda. Tanada yog‘ning miqdori haddan tashqari ko‘payishi nafaqat modda almashinuvi jarayoni, balki miya faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu haqida "Neurology" jurnalining yillik maxsus sonida e’lon qilingan. Unda yozilishcha, insonning tobora semirib borishi miyaning shu qadar kichrayishiga sabab bo‘lar ekan. Alsgeymer kasali ham asosan tanasida yog‘ miqdori ko‘paygan odamlarda uchrashi kuzatilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, semizlik miyaning axborot tashuvchi qismiga jiddiy shikast yetkazadi, kerakli moddalar ishlab chiqarilishiga to‘sqinlik qiladi. Bu holat olimlar tomonidan qonda xolesterin – yog‘simon moddaning ko‘payib ketishi bilan izohlanmoqda.