Bilasizmi?

Ijobiylik – omadning yagona siri

Omadli bo‘lish juda oson. Omadlilar bunga ishonishadi. Ularning yagona ustunligi shu. Har bir insonda o‘ziga xos tabiat bo‘ladi. Ijobiy yoki salbiy. Ijobiy fazilatlilar beligacha qum to‘ldirilgan qopni “yarim to‘la qop” desa, fe’lida salbiy xususiyatlilar ko‘proq bo‘lgan insonlar buni “yarim bo‘sh” ko‘radi. Shu tabiatiga ko‘ra, uning atrofida o‘z muhiti vujudga keladi. Uning omadli yoki omadsizligi xuddi shu muhitga bog‘liq. Buyuk insonlarning omadining bosh sababi – ularning fe’l-atvorida ishonch va ijobiylik hislarining ustunligidir. Ijobiylik buyuklarning eng buyuk fazilati, desak xato bo‘lmaydi.

Har bir oilada o‘ziga xos an’ana bor. Har bir jamiyatning o‘ziga tegishli bo‘lgan urf-odatlari mavjud. Qaysidir davlatga xos siyosiy yoki ijtimoiy umumiylik, shu millatning xususiyatlari hamda fazilatlari negizida shakllanadi. Mamlakatdagi bu umumiy tabiat uning kelajagini belgilaydi. Bugungi zamon va o‘tmish davrlarning muhitida o‘ziga xos fazilat va ziddiyatlar borligi aniq. Ruhshunos Martin Seligmanning tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, XX asrning so‘nggi 30 yilida ruhshunoslikka ixtisoslashgan jurnallardagi salbiy ruhdagi maqolalar hajmi 46,000 hamda ijobiy ruhdagi ishlar hajmi bor yo‘g‘i 400 sahifa ekan.

Ruhshunoslar Amerika prezidenti Barak Obamaning prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqish sababi qilib, uning nutqlarida ijobiy fikr va ishonchning ustunligi ekanligini ta’kidlashmoqda. Sababi, Amerika taskinga muhtoj edi. Oxirgi o‘n yillikdagi kuzatishlar rivojlangan mamlakatlar aholisi tabiatida ruhiy tushkunlik darajasi tobora ko‘tarilib borayotganini ko‘rsatmoqda.

“Har narsani yaxshilikka yo‘y”. Bu qadimiy naql baxtli yashash sirlaridan biri. Uni ijobiy ruhdagi kishilar yaratishgan. Ijobiy fazilatlilar olamni, undagi har bir narsani odamzotga xayrixoh deb bilishadi. Har bir voqeani xosiyatli hisoblashadi. Biz yoshlikni ilm uchun sarflaymiz. Oqibatda yaxshi turmush tarzidan tortib, jamiyatda o‘zimizga yarasha hurmatga ham erishamiz. Ijobiy tabiatlilar hayot ularni yig‘lashga majbur qilganda ham bunda bir xosiyat ko‘ra olishadi.

Hindistonning Maharashtra shtati sharqida Mahabaleshvar vohasi bor. Tabiat ixlosmandlari sifatida yo‘lboshlovchi olib, tog‘ yonbag‘ri bo‘ylab sayohat qilar edik. O‘sha kuni borishimiz lozim bo‘lgan so‘nggi manzil – yo‘lboshlovchi va’da qilganidek, sharshara edi. Sharsharaga yetganimizda tabiatning bu qadar go‘zalligidan lol qoldik. Kun issig‘idan holsizlanib, sharshara oqib tushayotgan anhor bo‘yidagi bahaybat daraxtning tanga orom bag‘ishlovchi soyasida cho‘zildik. Uzoq sayohatdan keyin bu rohatni ta’riflashga til ojiz edi.

“Namuncha issiq bo‘lmasa, yo Xudo!”, dedi sayyohlardan biri juda norozi ohangda. Butun umri quyoshda o‘tib, shu quyoshda toblangan yo‘lboshlovchi jilmayib, “Agar issiq bo‘lmaganda, siz hozir bu soyada lazzatlanish qanchalik yoqimli ekanligini tasavvur qila olmas edingiz,” dedi ajin to‘la peshonasini qashlab. Xudoga sher va yirtqichlarni yaratgani uchun nolima. Ularga qanot bermaganligi uchun shukr qil, degan maqol bor bizda,” dedi u qo‘shimcha qilib.

Endryu Karnegi Shotlandiyadan Amerikaga kelganida, hali yosh bola edi. Ko‘chada duch kegan ishni qilib kun o‘tkazgan Endryu yillar o‘tib, po‘lat sanoatini rivojlantirib, Amerikaning eng boy kishilari doirasiga qo‘shiladi. Bir vaqtning o‘zida uning qo‘l ostida 43 nafar millioner ishlar edi. Endryu Karnegi bu omadning sirini izohlar ekan, “Odamlar bilan ishlash – tilla qidirish bilan barobardir. Bir gram tilla uchun tonnalab tuproqni yelkamizdan o‘tkazishga majburmiz. Bu jarayonda tuproq yoki chang haqida emas, muhimi biz topayotgan tilla haqida o‘ylashdir,” deydi yirik biznesmen.

Ko‘pchilikning tushkunlikka berilishiga sabab – ishlarining olg‘a siljimasligidir. Ishning olg‘a siljimasligining sababi – o‘z vaqtida harakat qilmaslikdir. Vaqtidan ilgari yoki kech qilingan harakat bekordir. Umidlarni erta yo‘qotmaslikning yagona yo‘li – o‘z vaqtida harakat qilishdir. Qilayotgan ishingga oldin o‘zing ishon va keyin borliqni ishontir, shunda hayot va boshqalar ham bunga xayrixohlik qiladi.

Bu dunyo biz uchun barcha qulayliklari bilan yaratilgan (Gotfrayd Leybniz). Odamzotning eng birinchi dushmani ham, do‘sti ham uning o‘zi. Hayotning har bir lahzasida baxt bor. Faqatgina uni his qilish uchun istak zarur.

Misol uchun, deraza oynasidan yomg‘irni tomosha qilish, yaqin do‘stingizdan xabar olish, farzandingizga yangi nimadir o‘rgatib, tarbiyalash, uzoq vaqtdan keyin ota-onangiz bilan ko‘rishish, mazmunli suhbat, ilk marotaba sevib qolish, tun yarmida shirin uyqudan uyg‘onib, tongacha hali borligidan quvonish, kimdandir o‘zingiz haqida yaxshi ta’rif eshitish, sevgilingiz yoki turmush o‘rtog‘ingiz mehribonligidan lazzatlanish, qiziqarli film ko‘rish, mehr bilan dasturxon tuzash yoki ovqat pishirish, quyosh chiqayotganini tomosha qilib ruhlanish, yangi do‘stlar topish, eski ulfatlar bilan choyxonada o‘tirish, qo‘shnilar bilan hangoma qilish, …

Bu ro‘yxatni hali uzoq davom ettirish mumkin. Imkoniyat bor ekan, hayotdan zavqlanish kerak! Shunda omad sizdan uzoqlashmaydi.

Doimo omadingizni bersin!