Mulohaza uchun mavzu

Umrning muhim bir hikmati aks etgan ramziy hikoya

O‘rmonda ahil bo‘rilar to‘dasi yashar ekan. Kun kelib keksa to‘daboshi batamom kuch-quvvatdan qolibdi. Navbatdagi ovga chiqish arafasida yo‘lboshchi bundan keyin to‘daga yetakchilik qila olmasligini ma’lum qilibdi. To‘da orasidan yosh va baquvvat, quyuq kulrang mo‘ynali bo‘ri chiqib to‘daboshining oldiga boribdi va bundan keyin bo‘rila jamoasiga boshchilik qilishga izn so‘rabdi. Keksa bo‘ri rozilik bildirib, buni e’lon qilibdi. Ovchi bo‘rilar yangi yo‘lboshchi rahbarligida ozuqa topib kelish uchun jo‘nab ketishibdi.

Oradan bir kun o‘tib yangi sardor boshchiligidagi to‘da mo‘l-ko‘l o‘lja bilan qaytibdi. Yosh yo‘lboshchi keksa bo‘riga 7 nafar ovchiga hujum qilib, hech bir qiyinchiliksiz bor-budini talon-taroj qilganliklarini maqtanib gapirib beribdi.

Oradan kunlar o‘tib, yangi sardor navqiron va jasur tengdoshlarini boshlab navbatdagi ovga ketibdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tsa hamki, ovchi bo‘rilar ovdan qaytishmabdi.

Anchadan keyin esa to‘daboshi bo‘rilar makoniga hammayog‘i qonga bulangan, mo‘ynasi tirnalgan holda qaytibdi. Uning yonida ahvoli o‘zinikidan ham og‘irroq bor-yo‘g‘i ikki bo‘ri qolgan edi.

Yosh yo‘lboshchi keksa rahbar bo‘riga yo‘lda uch nafar yo‘lovchiga duch kelgani, ularga hujum qilib, jangda o‘zi va 2 hamrohi zo‘rg‘a omon qolishganini aytibdi.

"Ilk boshqargan ovingda 7 qurollangan ovchini xonavayron qilib qaytgan edingiz. Bu gal esa uch yo‘lovchining sizlarni bunday achinarli ahvolga solganini qanday tushunmoq kerak?", keksa bo‘ri hayrat bilan so‘rabdi.

Sobiq to‘daboshining savoliga yosh sardor shunday javob qaytaribdi:

"O‘shanda biz shunchaki 7 ovchiga tashlangan edik. Biroq, bu gal biz hujum qilganlar 3 nafar qadrdon do‘stlar ekan".