Bilasizmi?

Happy Birthday, Messi!

 Messi hayotidan 10 ta qiziqarli ma’lumot

Bugun jahon futbolining megayulduzi, barcha davrlarning eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etilayotgan argentinalik futbol afsungari, ulkan iste’dod egasi Leonel Messining tavallud topgan kuni. Messi, aytish joiz bo‘lsa, barcha futbolchilar orzu qiladigan cho‘qqiga erisha olgan futbolchidir. Uning rekordlari, natijalari bir taraf bo‘lsa, maydondagi hatti-harakatlari bir taraf. Chindan ham u Yaratgan katta iqtidor bergan sportchidir.

Lionél Andrés Méssi (isp. Lionel Andrés Messi) 1987 yilning 24 iyun sanasida Argentinaning Rosario shahrida dunyoga kelgan. Otasi — Xorxe Orasio Messi kombinat ishchisi, onasi—Seliya Mariya Messi farrosh bo‘lgan. Uning Rodrigo va Mattias ismli akalari hamda Mariya Sol ismli singlisi bor.

Ispaniyaning “Barselona” futbol akademiyasi tarbiyalanuvchisi o‘z jamoasida 17 yoshida debyut qilgan. Shundan buyon o‘z klubi bilan 4 bor Yevropa chempionlar ligasida g‘olib chiqqan, 6 bor Ispaniya chempioni bo‘lgan, 3 bor Yevropa Superkubogini boshi uzra baland ko‘targan va 3 marta klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida shohsupaning eng birinchi pog‘onasiga ko‘tarilgan. Shuningdek, 5 marotaba Yevropa chempionlar ligasida to‘purar va 3 bor Ispaniya chempionatining eng ko‘p gol kiritgan bombardiri bo‘lgan. U yaqinda terma jamoadagi gollari soni bo‘yicha afsonaviy “batigol”—Gabriyel Batistutadan o‘tib ketdi. Umuman olganda, Messi ko‘plab rekordlarni yildan-yilga yangilab bormoqda. Quyida esa Messi hayotidan eng qiziq 10 ma’lumot bilan tanishtiramiz:

  1. Salfetka

Ishonsangiz, Messi “Barsa” bilan ilk shartnomasi salfetkaga yozilgan.  Bu haqida Bolalar sport maktabi murabbiyi Karles Reksach “Biz Messi, uning dadasi va akasi bilan kafeda edik. Bizda hech qanday qog‘oz yo‘qligi bois, tezkor kelishuvni salfetkada imzolagandik”, deb izohlagandi. Ana shu salfetka bugungi kunga kelib, dunyodagi eng qimmat shartnomaga aylandi.

  1. Bo‘y

Messining bo‘ychi 169 sm. Biroq bolalikda u juda kichkina edi. 9 yoshida Messining bo‘ychi 124 sm bo‘lgan. Shu bois, shifokorlar unga gormonlar yetishmasligini davolash uchun dorilar buyurgan. Aytishlaricha, Messi o‘shanda bu preparatlarni qabul qilmaganida, uning bo‘yi bor yo‘g‘i 140 sm.ga o‘sgan bo‘lardi.

  1. 47 soniyalik debyut o‘yin

Messi Argentina terma jamoasi libosida ilk bor maydonga chiqqandan 47 soniya o‘tib, o‘yindan olingan. Bu 2005 yil 17 avgust kuni Vengriya terma jamoasiga qarshi uchrashuvda sodir bo‘lgandi. Paragvayga qarshi ikkinchi o‘yin oldidan Leo jurnalistlarga hazil tariqasida “Bu qayta debyut bo‘ladi. Birinchisi qisqa bo‘lgandi”, deydi.

  1. Yoshlik

2005 yilning 1 may sanasida Messi Ispaniya birinchiligining oliy divizionida gol kiritgan eng yosh futbolchiga aylandi. U 17 yoshu 10 oylik, 7 kunligida «Albasete» darvozasini ishg‘ol qilgan. Keyinroq bu rekordni Messining aniq to‘p uzatishidan so‘ng Boyan Krkich yangilagandi.

U 2006 yili Germaniyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Argentina terma jamoasidagi eng yosh o‘yinchi bo‘lgan. 18 yoshu 357 kunlik Messi Serbiya va Chernogoriyaga qarshi o‘yinning 74-daqiqasida maydonga tushib, jamoasining so‘nggi golini kiritadi. O‘shanda Argentina terma jamoasi bolqonliklarni 6:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi.

messi_goal_examined

  1. Krkich Messining ukasi?!

Qizig‘i shundaki, 2004-2011 yillarda “Barselona”da to‘p surgan Boyan Krkich Leo Messi bilan uzoq qarindosh bo‘lib chiqdi. Surishtiruv natijalariga ko‘ra, ikkala futbolchi El Poaldagi Pereslar oilasining a’zolari ekan. Ko‘k-anorranglilar yulduzlarining katta bobosi Ramon Peres Lobera 1859 yilda o‘sha yerda tug‘ilgan. Peresning jiyani Argentinaga ko‘chib ketadi va u yerda Eysebio Baro Messiga turmushga chiqadi. Boyanning ajdodlari esa Kataloniyada qoladi.

  1. Golllar

Bir kuni Messi gol urgach, nima uchun osmonga qarashi haqida gapirib berdi: «Men gollarimni buvimga bag‘ishlayman. Aynan u otamga meni futbol to‘garagiga olib borish taklifini began. Hozir ular bugungi yutuqlarim chog‘ida mening yonimda emas. Biroq u hozirgacha meni va oilamni qo‘llab-turadi...»

  1. Maradona

2007 yilning aprel oyida “Xetafe”ga qarshi Ispaniya Kubogi o‘yinida Messi Diyego Maradonaning 1986 yilda qo‘li bilan kiritgan asr goliga juda-juda o‘xshash gol muallifi bo‘ladi. O‘shanda aynan o‘sha joyda yugurishni boshlab, o‘shancha masofa (62 metr) bosib o‘tib, o‘shancha raqib(davrozabon bilan 6 nafar o‘yinchi)ni aldab, o‘sha o‘ng qo‘l bilan darvoza burchagiga gol uradi. Farq juda kam edi. «Men Maradonaga o‘xshashga harakat qilmayman, chunki men uchun uning tengi yo‘q», - deydi Messining o‘zi.

  1. Qarindoshlar

Leoning ikki nafar amakivachchasi bo‘lib, biri Maksi Byankuchi Braziliyaning «Vitoriya», ikkinchisi Emmanuel Byankuchi Serbiyaning «Olimpiya» klubida to‘p suradi.  Bundan tashqari uning Afrikada Leonel Messi ismli adashi ham bor.

  1. 250 million

Lionel Messining bugungi narxi 2016 yilgacha amal qiluvchi shartnomasida 250 million deb belgilangan. Kataloniyadagi maoshi yiliga 9,5 million yevroni tashkil etadi.

  1. Tyago

2013 yilda Messi badaniga tatuirovka chizdirdi. Chap oyog‘ida o‘g‘li Tyagoning ismi va qo‘lining rasmi tushirilgan.

Qiziq ma’lumotlar

-2010 yil 11 mart: Messi YuNISEFning xayriya ishlari bo‘yicha elchisi etib tayinlandi.

-2012 yil 6 fevral: Time jurnali o‘z tarixida ilk bor muqovaga Messining portretini joylashtirdi. Ungacha jurnalda futbolchilar surati kollaj holida joylashtirilgan.

-2015 yil 1 yanvar: Ispaniyada Messining hayoti va faoliyati aks etgan “Messi” hujjatli filmi namoyish etildi. Uni ispan rejissyori Aleks de la Iglesia tayyorlagan.

Professionallar e’tirofi: “Messi aniq PlayStation o‘yinidan!”

 Yupp Xaynkes: Messining yutuqlari yerliklarga xos emas. Uni bitta so‘z bilan ifodalash mumkin—fenomen. U o‘smirligidayoq Zidan, Pele, Maradona va Kruiff darajasida o‘ynagan.

 Jon Terri: Bolalarim Messini juda yaxshi ko‘radi. Futbolni tugatib, bir necha yillardan so‘ng ortimga boqib, shunday kuchli futbolchiga qarshi o‘ynaganimni eslab quvonaman. Men uchun u, shubhasiz, barcha davrlarning eng yaxshi futbolchisi! U sportga yana ko‘p yillar foyda keltiradigan buyuk shaxs!

 Biksant Lizarazyu: Messini oddiy kiyimda ko‘rib, maktab o‘quvchisiga o‘xshatasiz. Sport formasini kiygan chog‘da esa maydondagi qolgan futbolchilar o‘quvchiga aylanadi...

 Arsen Venger: Messi aniq PlayStation o‘yinidan. Menimcha, u sening har bitta xatoingdan foydalanadi. Bu o‘yinchi imkonsiz narsalarni amalga oshira oladi. Unda qandaydir noyob xususiyat bor. Uni shunchaki to‘xtatib bo‘lmaydi...

So‘ngso‘z: Leonel Messi juda ko‘plab sovrinlarga erishgan. Biroq kuboklar kolleksiyasida bittasi - eng muhimi yo‘q: bu jahon chempionlariga ataladigan kubok. Balki 2018 yili Rossiyada qo‘lga kiritar?!

uzn_1406116766

Internet manbalari asosida tayyorlandi