Ish

Bobildagi eng boy odam va uning boylik haqidagi sabog‘i

Jorj Kleyson qalamiga mansub mashhur “Vavilon hikoyatlari” bestseller kitobi millionlab kitobxonlarni muvaffaqiyat va boylik izlashga ruhlantirib, yaqinlan ko‘mak bergan. Bu kitob o‘z moliyaviy imkoniyatlarini rejalashtirishni, pul topish, ularni asrash va jamlangan boylikni ko‘paytirishni o‘rgatadi. Quyida shu kitobning bir bo‘limini diqqatingizga havola qilamiz.

Qachonlardir, Qadimiy Bobilda Arkad ismli juda boy odam yashagan. Uning boyligi haqida afsonalar to‘qilgan. U o‘zining saxiyligi bilan ham dong taratgan. Xayru-ehsonlarining chek-chegarasi yo‘q edi. U saxovatli oila boshlig‘i bo‘lib, badastur yashardi. Shunday bo‘lsa-da, davlati kamaymas, aksincha, yildan-yilga daromadi xarajatidan anchaga ortib borardi.

Uning bir nechta bolalikdagi do‘stlari bor edi, ular bir kun uning oldiga keldilar va dedilar:

– Arkad, sen bizga qaraganda omadliroqsan. Sen butun Bobildagi eng boy odamga aylanding. Biz esa yashash uchun kurashishga majburmiz. Sen eng chiroyli kiyim kiyish, ajabtovur taomlardan lazzatlanish imkoniga egasan, biz esa oilamizga kiyishga, yeyishga nimadir topsak, shunga quvonamiz.

– Aslida, qachonlardir biz teng edik. Bitta ustozda ta’lim oldik. O‘qishda ham, o‘yinlarda ham bizdan ustunlik qilmaganding. Keyin ham, uzoq yillar xuddi biz kabi hurmatli fuqarolardan biri bo‘lib kelding.

– Fikrimizcha, bizdan ko‘p mehnat qilmading. Shunday ekan, aytchi, nega taqdir aynan seni tanladi, nega aynan senga hayotning barcha quvonchlarini in’om etdi, bizdan esa yuz o‘girdi, axir biz ham senchalik ularga loyiq edik-ku?

Shunda Arkad javob berdi:

– Agar sizlar yoshligimizdan buyon o‘tgan davrda nochor hayot kechirishdan boshqa narsaga erishmagan bo‘lsangiz, demak boylikka ega bo‘lish qonunlarini tushunmagansizlar yoki shunchaki ularga amal qilmagansizlar. To‘plangan pullarni birpasda yeb bitiradigan ishtahasi karnay pulxo‘rlarni taqdir o‘z ishtahalari va xohishlari bilan yolg‘iz qoldiradi va ular nafslarini qondira olmay qoladilar. Taqdir kulib boqqanlar esa xasisga aylanadilar va bir tiyinning ustida o‘lib qoladilar, boyliklaridan ayrilib qolishdan qo‘rqadilar. Chunki bunday boylikni yana to‘plashga uquvlari yetmasligini biladilar. Ular o‘g‘rilardan ham qo‘rqadilar, natijada o‘zlarini zavqsiz yashashga va ichki qashshoqlikka hukm qiladilar.

Balki yana boshqalar ham bordir, ularning qo‘llariga boylik o‘zi oqib keladi, ular kelgan boylikni ko‘paytiradilar va baxtli hayot kechiradilar. Bundaylar juda kam, ular haqlarida faqat orqavarotdan eshitganman. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: balki tanishlaringiz orasida kutilmaganda meros tegib qolganlari bordir. So‘zlarim qanchalik haqqoniy ekanligini o‘zingiz baholang.

Uning do‘stlari, merosga ega bo‘lgan tanishlarini eslab, Arkadning haqligini tan oldilar va u mo‘l-ko‘lchilikka qanday erishganligi haqida so‘radilar. Shunda Arkad so‘zida davom etdi:

– Yoshligimda dunyoga boqdim va insonga baxt hamda qoniqish keltiruvchi ko‘p narsalar borliini ko‘rdim. Yana tushundimki, boylik yanada ko‘proq baxt va zavq his etishga imkon berar ekan.

Boylik – bu kuch. Boylik yordamida ko‘p ishlarga yo‘l ochiladi:

Uyni dabdabali jihozlar bilan jihozlash mumkin.

Uzoq dengizlarga sayohatga chiqish mumkin.

Dengiz ortidagi o‘lkalarga safar uyushtirish mumkin, hatto ilohlarni ulug‘lab salobatli ibodatxonalar qurish mumkin.

Ko‘ngilga farah va qoniqish keltiruvchi yana ko‘plab ishlarni amalga oshirish mumkin.

Mana shularni anglab yetganimda, bu dunyo quvonchlarining bir qismiga egalik qilish huquqi uchun kurashishga qaror qildim. Men chetda turib, boshqalarning hayotdan lazzat olayotganlarini hasad bilan kuzatmayman. Hali ham yarayapti-ku, deb eski libos bilan kifoyalanmayman. Meni kambag‘alning taqdiri qoniqtirmaydi. Yo‘q, men hayot o‘z erkatoylari uchun uyushtiradigan bayramning to‘laqonli mehmoniga aylanishga qaror qildim. Eslasangiz, kambag‘al savdogarning o‘g‘li bo‘lganman, katta oilada o‘sganman, merosdan umid ham yo‘q edi, o‘zingiz aytgandek, alohida qobiliyatim yoki donolik ham sezilmasdi menda, shulardan kelib chiqib, oruzimga erishish uchun vaqt va bilim kerak, degan xulosaga keldim.

Vaqtga kelsak, u hammamizda yetib-ortib yotibdi. Shunchaki, boylikni ishlab topish uchun kerakli qimmatli vaqtingizni boy berdingiz. Shu bilan birga, haqiqatan ham maqtansa arzigulik oilangizdan boshqa faxrlanishga arzigulik hech vaqoingiz yo‘qligini tan olasiz. Endi o‘rganishga kelsak: esingizdami, dono muallimimiz aytar edilar – ilm olish turlicha bo‘ladi: yangi narsalarni o‘rganib, eslab qolish yo‘li bilan, shuningdek aqlni charxlab, o‘ziga notanish bo‘lgan yo‘nalishlarni kashf etish orqali?

Shu sababli ham men qanday qilib boylik jamg‘arish mumkinligini tushunishga qaror qildim va, buni aniqlaganimdan keyin, uni o‘zimga vazifa qilib belgiladim va muvaffaqiyatli hal etdim. Zero, zulmat kirganda qayg‘udan yetarlicha totishingni bilgach, quyoshning zarrin nurlari sochib turganda hayotdan to‘yib lazzatlanib olish – donolik shu emasmi?

Shahar magistratiga kotib bo‘lib ishga joylashdim, har kuni bosh ko‘tarmay sopol taxtalarga yozuvlar o‘ydim. Hafta ketidan hafta, oy ketidan oylar o‘tdi, men astoydil ishlayverdim ammo topishim haminqadar edi. Maoshim faqat yegulikka va u-bu kiyim olishga amallab yetardi.  Lekin qat’iyat meni tark etmadi.

Nihoyat, bir kuni sudxo‘r Algamish magsitratga keldi va To‘qqizinchi qonun nusxasiga buyurtma berdi. Magistr meni chaqirib: “Bu hujjat ikki kundan keyin qo‘limda bo‘lishi kerak, agar vazifani uddalay olsang, ikkita bronza tanga beraman”,- dedi. Men ter to‘kib ishladim, lekin qonun katta edi va Algamish kelganida ishni hali bitirmagan edim. U g‘azablandi. Agar quli bo‘lganimda do‘pposlagan bo‘lardi. Lekin, magistr unga o‘z ishchisini urdirib qo‘ymasligini bilganim uchun, qo‘rquv sezmay, unga shunday dedim:

“Algamish, sen juda boy insonsan. Qanday boy bo‘lish yo‘lini menga aytib ber, men tuni bilan qo‘lyozma ustida ishlayman, shunda tong otguncha uni yakunlayman”. U menga tabassum qildi va javob berdi: “Yaxshigina muttaham ekansan-ku. Mayli, bu o‘rtamizdagi bitim bo‘la qolsin”.

Tun bo‘yi mijja qoqmay ishladim, belim qotib, yonayotgan pilik hididan boshim tars yorilay dedi va ko‘zlarim harflarni ajrata olmay qoldi. Lekin, u tongda kelganida, qo‘lyozma tayyor bo‘lgandi.

“Mana endi, – dedim men, – va’dangizni bajaring”.

“Bo‘tam, sen bitimning o‘zingga tegishli qismini bajarding, – yumshoqlik bilan so‘zladi u menga qarab, – endi mening navbatim. Sen bilishni istagan narsangni so‘zlab beraman, chunki qariyapman, qarilar esa gapirishni yoqtiradilar. Yoshlar mo‘ysafidlardan maslahat so‘rasalar, yillar davomida sinovdan o‘tgan hikmatga ega bo‘ladilar. To‘g‘ri, ko‘pincha yoshlar qariyalarning donoliklari o‘tmishga tegishli, ularning bilimlari kelajak uchun yaramaydi, deb o‘ylaydilar. Lekin sen yodingda tut: bugun charaqlab turgan quyosh otang tug‘ilgan kunda nur sochib turgan quyoshning o‘zi. Avlodingizning eng yoshi ko‘z yumgan kuni ham u hammayoqni yoritib turgan bo‘ladi.

Yoshlikdagi o‘y-xayollar, – davom etdi u – osmon bag‘rida uchib, o‘z yog‘dusi bilan atrofni nurafshon etuvchi dumli yulduzlardir. Qariyalarning donishmandligi esa – abadiy yulduzlar, ular osmon ayvonidagi o‘z joylarini aslo o‘zgartirmaydilar, shu sababli dengizchi ularga qarab o‘z kemasi yo‘nalishini istalgan payt to‘g‘rilab olishi mumkin. Sen so‘zlarimni yodingda mustahkam saqla, yo‘qsa senga o‘rgatadiganim haqiqatni tushuna olmaysan va tuni bilan qilgan mehnating bekor bo‘ladi”.

Keyin u qalin qoshlari ostidan menga tikilib boqdi va past, qat’iyatli ovoz bilan dedi: “Ishlab topgan pulimning bir qismini o‘zimga olib qolish – mana shu qarorga kelgan kunim men boylik sari qadam tashladim. Sen ham shuni yodda tut”. Shundan keyin u uzoq sukut saqlab, nigohini mendan uzmadi.

“Bori shumi?” – so‘radim men.

“Qo‘ychivondan sudxo‘rga aylanishim uchun menga shu yetarli bo‘ldi”, – javob berdi u.

“Axir ishlab topgan pulimning hammasi shusiz ham meniki-ku, shunday emasmi?” – so‘radim men.

“Aslo unday emas, – javob berdi u, – Tikuvchiga pul to‘lamaysanmi? Kosibgachi? Ovqat sotib olasanmi? Bobilda pul xarj qilmay yashab bo‘larkanmi? O‘tgan oyda ishlab topgan pullaringdan nima qoldi? O‘tgan yildagisidanchi? Ahmoq! Sen o‘zingdan boshqa hammaga pul to‘laysan. Nodon, sen boshqalar uchun ishlaysan. Qul bo‘lib, yegulik va kiyim uchun xojasiga ishlashning o‘zi-ku bu. Lekin agar ishlab topadigan pulingning o‘ndan birini o‘zingda qoldiradigan bo‘lsang, o‘n yilda qancha pul yig‘asan?”

Matematikadan olgan bilimlar menga pand bermadi: “Bir yillik mehnat haqimga teng bo‘ladi”, – javob berdim men.

“Sen qisman haqsan, – e’tiroz bildirdi u. – Sen chetga tashlab qo‘ygan har bir oltin sening qulingga aylanadi va senga ishlay boshlaydi. Ushbu oltin orqali kelgan har bir chaqa senga daromad keltira boshlaydi. Agar sen boyga aylansang, barcha jamg‘armang senga foyda keltirishi kerak. Mana shundagina sen boyligingni ko‘paytira olasan. Balki sen meni aldayapti, deb o‘ylayotgandirsan, balki bu o‘z mehnating uchun kutgan haqing emasdir, – davom etdi u, – lekin men ochgan haqiqatni tushunishga aqling yetsa, men senga va’da qilinganidan ko‘ra ming bora ko‘proq haq to‘laganimni anglaysan.

Ishlab topgan pulingning bir qismi o‘zingga tegishli. Topishing qanchalik kam bo‘lmasin, tashlab qo‘yadigan puling maoshingning kamida o‘ndan biriga teng bo‘lsin. Avvalo o‘zingga to‘la. Tikuvchiga, kosibga qolgan pulingdan ajrata oladiganingdan oshig‘ini to‘lama, bundan tashqari, u yeb-icharga, savob ishlarga, ilohlar yo‘liga sadqaga ham yetishi kerak”.

Boylik, daraxt kabi, mayda urug‘dan paydo bo‘ladi. Sen o‘zing uchun olib qo‘yganing birinchi chaqa pul mana shunday urug‘, undan sening boylik daraxting o‘sib chiqadi. Qanchalik tez urug‘ eksang, nihol shunchalik tez unib chiqadi. Niholni qanchalik yaxshi parvarish qilsang, o‘g‘itlab, doimiy jamg‘arishlar bilan sug‘orib borsang, shuncha tez shox-shabbalari shovullashidan zavqlana olasan”.

Shularni aytib, u qo‘lyozmani oldi va ortiga qaytdi. Men uning gaplarini uzoq mushohada qildim va to‘g‘riligini tushunib yetdim. Unnab ko‘rishga ahd qildim. O‘shandan boshlab ishlab topgan pullarimning har o‘ntadan bir tangasini ajratib, uzoqroqqa yashirib qo‘ya boshladim. Ishlatishga pulim kamroq qolayotganligini deyarli his etmadim. To‘g‘ri, Finikiyadan tuyalarda, kemalarda keltirilgan, peshtaxtalarga terib qo‘yilgan jozibador narsalardan xarid qilish istagi tez-tez uyg‘onardi, lekin men donolik bilan o‘zimni tiyardim.

O‘n ikki oy o‘tdi va Algamish yana oldimga keldi. “Bo‘tam, aytchi, yil bo‘yi ishlab topganingning o‘ndan birini o‘zingga to‘layapsanmi?” Men g‘urur bilan javob berdim: “Ha, ustoz, to‘layapman”. “Bu yaxshi, – uning yuzi yorishdi. – Bu pullarni nima qilyapsan?”

“Men ularni g‘isht teruvchi Azmurga berdim, u uzoq dengiz safariga ketayotganligini, menga Tiradan nodir Finikiya qimmatbaho toshlaridan keltirishini aytdi. Qaytib kelganida biz ularni sotamiz va foydani bo‘lashib olamiz”. – “Ahmoqning o‘rganishi qimmatga tushadi, deganlari to‘g‘ri gap, – darg‘azab bo‘ldi u. – Javohirot tanlashni g‘isht teruvchiga ishondingmi? Yulduzlar haqidagi savol bilan novvoyga borasanmi? Yo‘q, harqalay aqling bo‘lsa, munajjimga borgan bo‘larding, to‘g‘rimi? Jamg‘armang kuyib kul bo‘libdi, boylik daraxtingni ildizi bilan qo‘poribsan. Na iloj, boshqasini ekkin. Yana bir urinib ko‘r. Keyingi gal zeb-ziynatlar haqida maslahat kerak bo‘lsa, ularni tushunadigan odamning oldiga bor. Qo‘ylar haqida nimadir bilmoqchi bo‘lsang, cho‘ponga bor. Dunyoda bepul beriladigan yagona narsa – bu maslahat, lekin e’tiborga arzigulik maslahatlargagina quloq solish kerak, shuni bilib qo‘y. O‘z jamg‘armalari yuzasidan noloyiq kishilar bilan maslahatlashgan odam o‘z nodonligi uchun shu jamg‘armalari bilan to‘lashiga to‘g‘ri keladi”. Shu so‘zlarni aytib, nari ketdi.

U aytganidek bo‘ldi. Chunki yaramas finikiyaliklar qimmatbaho toshlar o‘rniga Azmurga yaltiroq shishalarni tutqazib yuborishibdi. Lekin, Algamish o‘rgatganidek, men yana har o‘ninchi tangani yig‘a boshladim, chunki bu endi odatimga aylangandi va men uchun hech og‘irlik tug‘dirmasdi.

Yana o‘n ikki oy o‘tdi. Algamish kelib, mendan so‘radi: “Xo‘sh, oxirgi marta ko‘rishganimizdan keyin qanday siljishlar ro‘y berdi senda?” – “Men o‘zimga adolat bilan to‘lab bordim, – javob berdim men, – o‘z jamg‘armalarimni Aggirga, qalqon yasovchiga bronza olishi uchun ishonib berdim, u har to‘rtinchi oy ulushimni chiqarib bermoqda”. – “Bu yaxshi. Ulushingni nima qilyapsan?” – “Asal, ajoyib may va mazali noz-ne’matlar olib, o‘zim uchun bayram uyushtirapman. Yana o‘zimga alvon libos oldim. Endi yoshroq eshak olib, o‘shani minib yurmoqchiman”. Bu gaplarimdan Algamish kuldi: “Sen o‘z jamg‘armangdan tug‘ilgan bolalarni yeb qo‘yayapsan. Ular qanday qilib senga ishlashsin? Qanday qilib o‘zlariga o‘xshaganlarni tug‘sinlar? Oldin oltin qullar qo‘shinini tuzib ol, shundan keyingina hech afsuslanmay o‘zing uchun dabdabali ziyofatlar uyushtiraver”. Shularni aytib yana ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Shundan keyin uni ikki yil ko‘rmadim, lekin bir kun yana paydo bo‘ldi. Yuzlariga ajin tushgan, ko‘zlari kirtayib qolgan – u ancha qarigan edi. U menga dedi:

“Arkad, oruzingdagi boylik cho‘qqisiga chiqdingmi?” Men jaovb berdim: “Hozircha yo‘q, lekin yaxshigina jamg‘armam bor va ular mening foydamga ishlayapti”. – “Sen hali ham g‘isht teruvchilarning maslahatlariga amal qilayapsanmi?” – “G‘isht terish bo‘yicha ulardan yaxshi fikrlar chiqayapti”,- sir boy bermadim men. “Arkad, – davom etdi u, – sen bergan o‘gitimni yaxshi o‘zlashtiribsan. Avvalo sen o‘zing ishlab topadigan mablag‘ingdan biroz kamiga hayot kechirishni o‘rganding. Keyin biladigan odamlarga maslahat solishni o‘rganding. Va nihoyat, oltinlaring o‘zingga ishlashiga erishding. Sen pul topish, ularni jamg‘arish va ularni tasarruf etishni o‘rganding. Shu sababli mas’uliyatli lavozimlarni egallashga loyiq bo‘lding. Men qariyapman. Farzandlarim faqat pul sarflashni biladilar, lekin ishlab topish haqida umuman tasavvurga ega emaslar. Mening mulkim juda katta va men ularni boshqara olmay qolishdan qo‘rqaman. Agar Nippurga borib u yerdagi yer-suvlarimni boshqarishga rozi bo‘lsang, seni o‘zimning sherigim deb tayinlardim va mulkimdan ulush olarding».

Shu tariqa, Nippurga jo‘nadim, u yerdagi kattagina mulkining boshqaruvini qo‘limga oldim. G‘ayratga to‘la bo‘lganim, qolaversa, muvaffaqiyatning uchta qonunini egallaganim bois, uning yer-suvidan tushadigan daromadlarni keskin oshirishga erishdim. Shu orqali o‘zimga mol-dunyo orttirishga muvaffaq bo‘ldim va Algamish dunyodan o‘tgach, uning mulkidagi o‘z ulushimni boshqarishga o‘tdim, u vasiyatida shunday ko‘rsatib ketgandi.

Manbaa: «Bobildagi eng boy odam»: Slava; Moskva; 2009;

Rus tilidan Alouddin Sadriddinov tarjimasi