Kutubxona

Bir asrdan buyon o‘zbek matbuotida bong urilayotgan mavzu: Dabdabali to‘ylarga barham bera olamizmi?

UZ24 nashri o‘zbek to‘ylari haqida ajoyib maqolani chop etdi. Yana hammaning tilida – to‘y, ma’raka. Televizorni ochsangiz ham, radioning qulog‘ini bursangiz ham,  kanali-yu, dasturining, vaqti-soatining farqi yo‘q – gap to‘y-hashamlar haqida. Gazeta-jurnallarni-ku qo‘yavering. Ellik, oltmish, hatto yuz yil burungi ruknu maqolalar: “To‘ylarimiz haqida o‘ylarimiz!”

Bir muammoni yuz yillab kuyib-pishib muhokama qiladigan va  hal qilmasdan, ajdodlari avlodlariga mudom meros qoldirib ketadigan biz, o‘zbeklar kabi mehribon millat bormi jahonda.

Bag‘rikenglik, fidoyilik bundan ortiq bo‘lurmi!

“Najot” gazetasining ikkinchi jahon urushi ayni avjiga chiqqan davr -  1917 yilning 27 aprel sonida chop etilgan  mana bu satrlarni o‘qing: “Hozirg‘i qimmatchilik va oziqsizlik shul qadar qo‘rqinchiluq darajaga bordiki, ko‘p oilalar, faqir va bechoralar pulga ham ozuq topolmasdan, ko‘chaba-ko‘cha sargardon bo‘lib, necha kunlargacha och turmoqqa majburiyat ko‘rurlar. Hozirda davom etub turg‘on daxshatliq urush, bu yilg‘i suvsizliq va chogirdka balolari bu holni minba’d yana qo‘rqinchliroq darajag‘a olib boradirg‘ong‘a o‘xshab ko‘rinadur. Turkiston musulmonlarining s’yezdi mana shu holni e’tiborg‘a olinmak, oramizda bo‘lub turg‘on ba’zi bid’at va isrofot ishlarini, chunonchi, to‘y, ma’raka, gap, bazm, yalochi, qozoqlar orasidagi uloq, poyga va janoza bo‘ladurg‘on isrofotni bilkulliya barham bermoqg‘a qaror berdi.

“Sho‘royi islomiya”ning 12 aprelda voqe’ umumiy majlisida Toshkandning qozilari va ulamolari ham bu ishning aksarini shariatga xilof topdilar va o‘z oralarindan bir komissiya saylab, to‘y va ma’rakalarini shul komissiyalarg‘a topshurdilar”.

Ushbu qarorga o‘z davrining ma’lum va mashhur shaxslari, olimu ulamolari, jumladan,  Munavvar qori imzo chekkan.

Oradan yuz yildan ko‘proq vaqt o‘tgandan keyin, bugungi, istiqlol zamonining gazetalarini ochsangiz yana – o‘sha gap, o‘sha rukn: “To‘ylarimiz haqida o‘ylarimiz!”  Mashvaratlarga quloq tutsangiz - o‘sha-o‘sha yozg‘irish. Internet saytlarga kirsangiz - o‘sha-o‘sha muhokama.  Yoqa ushlaysiz: “Bizga qarg‘ish tekkanmi, nima balo! Muhokama qilsak, hal etsak arziydigan boshqa muammolarimiz yo‘qmi!..”

To‘y va qo‘y  - biz uchun go‘yo totli orzu, mangu mavzu. Ertaklarimizni eslang: “qirq kechayu qirq kunduz to‘y berib, to‘yga kelganlarga bir boshdan qo‘y berib, murod-maqsadlariga yetibdi...”

Tushov

2003 yilning bahori edi. Donishmandlarimizdan biridan so‘radim: ustoz, esimni taniganimdan  beri radio va televideniyedan bir xil da’vat, pandu nasihatni eshitaman. Majlislarda muhokamalariga guvoh bo‘laman. Hatto bu haqida talay nufuzli hujjatlar, jumladan,  1998 yilning 28 oktyabrida farmoni oliy ham qabul qilingan. Muammo – to‘y-ma’rakalarimizni kamtarroq o‘tkazish bilan bog‘liq. Kattayu kichik - hamma ma’qullaydi. Chapak chaladi. Chaqiriqlarga “labbay!” deb javob beradi.  Lekin hech kimning past ketgisi yo‘q. “Sendan men kammi” musobaqasi hamisha avjida. Nahotki, biz shu darajada omi va johil odamlarmizki, nafu zararimizning farqiga bormasak? Bu jaholatdan qutulishning biror chorasi bormi?

Alloma og‘ir tin oldi va Vladimir Mayakovskiyning she’rini esladi. Tarjimasi aniq yodimda yo‘q. Ammo ma’nosi taxminan shunday: osmonda yulduzlar porlasa biling, kimdir undan manfaatdo-or. Rus shoiri aytmoqchiki, bu dunyoda hech narsa o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Hatto ko‘kdagi yulduzlar ham kimlardir ixtiyor etsa, shu’la sochadi. To‘y-hasham dedingiz. Kamtarligu kamsuqumlik dedingiz. Bularning barchasi – millatimizga, xalqimizga xos fazilatlar, odatlar, albatta. Lekin oilaviy marosimlarning musobaqaga aylanib ketishidan manfaatdor odamlar hamisha bo‘lgan. Masalan, restoran-to‘yxona xo‘jayini to‘y-ma’rakada ko‘proq mehmon ishtirok etishidan manfaatdormi? Manfaatdor. Xonandayu sozandalar, videochi-yu suratkashlar, limuzinchilar, bezakchilar, araqfurushlar, qandolatchilar, qassoblar... Yuzlab, minglab odamlar shuning ortidan pul topadi. To‘y-ma’raka kim uchundir oilaviy marosim, quvonch, kimlar uchundir – katta biznes. Dabdaba-yu as’asa, isrofgarchiliklar – jamiyatimiz oyog‘idagi tushov. Qancha mablag‘, qancha vaqt, qancha say’-harkat zoye...

Oradan 15 yil o‘tdi. “Tushov”ning yangi va yangi, xilma xil turlari kashf etildi. Hashamatli to‘y-ma’rakalar ko‘pqavatli uylaru, pastqam hovlilardan, shaharlardan chiqib, qishloqlarga oraladi. Endi uyi yoki hovlisida, topsa - stol-stul, topmasa - gilam, ko‘rpacha to‘shab, to‘y o‘tkazayotgan odamni uchratmaysiz, hisob. Tupkanning tagidagi qishloqqa borsangiz ham shohona koshonaga ko‘zingiz tushadi. Restoran! Tongdan shomgacha odam arimaydi. Go‘yo hamma bekor. 600-700 kishilik zalga tanga tashlasangiz yerga tushmaydi. Bunday saroylarda to‘y-hasham, ma’raka o‘tkazuvchining esa oxiri yo‘q. Ochered!

Iloho, niyatiga yetsin! Buyursin! Lekin koshonaning atrofiga bir qarang: guvala uylar, tuprog‘i tizzadan keladigan ko‘chalar, tomi qiyshayib qolgan maktab, derazalariga shifer yoki tunka  mixlab tashlangan kutubxona...

Shaharlarda... Eskort. Ko‘chani to‘ldirib ketayotgan vahimali avtomobillar karvonini ko‘rib, o‘zingizni darhol chetga tortasiz: “Biror nufuzli mamlakatning Prezidenti kelgan chamasi!”. Adashdingiz. Hali na durustroq kasb-kori, na tushligu yo‘l kiradan ortadigan daromadi bo‘lmagan ikki yosh – kelin-kuyov o‘tayotir. Ota-onasi omon bo‘lsin! Ota-onasining orzu-havasi ushalsin!

Ulug‘larmiz aytadilarki, odamzod vaqti-vaqti bilan soch-soqolini, tirnoqlarini qaychilab, o‘zini oynaga solib turmasa, maymundan farqi qolmaydi.

Masalaning jon joyi

Tobora dalzarblik kasb etayotgan muammoga Yurt og‘asi  jamoatchilik e’tiborini qaratishga majbur bo‘ldi. To‘y-xashamlarni kibr-havo, shuhratparastlik, dabdababozlik,  isrofgarchilik,  el-yurt odatlari va an’analarini mensimaslik, atrofda yashayotgan odamlarning ahvol-ruhyatini inobatga olmaslik kabi illatlardan holi, kamtarona o‘tkazish lozimligini necha bor ta’kidladi. O‘tmishdan va o‘tayotgan kunlarimizdan misollar keltirdi. Majlislarda, odamlar bilan rasmiy va norasmiy muloqotlarda bu boradagi targ‘ibot-tushuntirish ishlarining saviyasi va ta’sirchanligini oshirish darkorligini uqtirishdan charchamadi. Hokimlar, mahallalar faollarini, keksalarni,  ijodkor ziyolilarni bu borada mudom faolroq bo‘lishga chiqaradi.

Biroq faqat targ‘ibotu tashviqot, amri ma’ruf, da’vat bilan maqsadga erishish dushvorligi endi ayon. Negaki, muammo jo‘ndek ko‘ringani bilan,  ildizi chuqur, sumbati baland.

Shavkat Mirziyoyev ko‘hna muammoni yangicha hal qilish yo‘llarini ko‘rsatib berar ekan, masalaning jon joyidan oldi: talabni el-yurt nazaridagi ibrat ahliga - barcha darajadagi rahbar kadrlarga qaratdi. Talab aniq va keskin qo‘yildi!

Davlatimiz rahbarining videoselektor yig‘ilishlaridan birida aytgan gaplari aks etgan audioyozuv ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi: “Bosh vazirdan boshlab hokimgacha, ijro organi rahbariga to‘y-marosimga borishi man etiladi. Choyxonalarning yonida davlat mashinasi turganini ko‘rgan kunim ishdan olib tashlayman. Jinoiy javobgarlikka tortaman. To‘y eng ko‘pi 150 kishiga, osh 200 kishiga bo‘ladi. Birorta rahbar uyida tug‘ilgan kunini ham, to‘yini ham, mendan boshlab, nishonlamaydi”.

Prezident alohida ta’kidladiki, isrofgarchilik haddan oshayotgan dabdabali to‘ylarni ko‘rib-ko‘rmaslikka olish – xiyonat: “Xiyonat qilyapmiz xalqimizga. To‘ylarni agar joyiga qo‘ysak, korrupsiya bo‘lmaydi, adolat paydo bo‘ladi. Hamma bir xil to‘y qiladi!”

Mabodo biror dasti uzun rahbar, prokurormi, hokimmi, soliqchimi, chegarachimi, bu me’yorni buzsa-chi? Majlisda ro‘y-rost aytildi: jazosini oladi. To‘y-ma’rakalarni o‘tkazishning me’yorilari  belgilab beriladi. Qaror chiqadi. Senat qarori.

Bu o‘rinda to‘ylarning korrupsiya va adolatsizliklarga sabab bo‘layotganiga oid dashnom ham behuda aytilgani yo‘q. Ogohlantirish: amaldor zoti, ko‘zingni och!  Mansabdorning oilaviy marosimlarida tushadigan to‘yona osmon qadar bo‘lsa, u martabasidan ketgandan keyingisi - yer kabidir.

Ta’kidlanganidek, “hammasi o‘g‘rilik. Agar buning tagini surishtirsak, o‘g‘rilik. Bu ham adolatsizlikni targ‘ib qiladi. Hamma bilishi kerak!”

Ayanchli haqiqat ham shunda - hamma biladi!

Xom talash

“Amaldorlar dabdabali to‘ylardan qo‘rqib qoldi”. Bu - bir xorjilik hamkasbimizning ketma-ket kelgan bahor ayyomlari  arafasida Toshkentda to‘y-xashamlar nisbatan kamayganini ko‘rib, chiqargan shoshilinch xulosasi.

Davlatimiz rahbarining talabni bunchalik keskin va qat’iy qo‘yishini kutmagan saltanat saralari anchayin xushyor torgani rost. Xijolat chekkani ham. Biroq ularni qo‘rqoqlikda ayblagandan ko‘ra, xursinganini ta’kidlagan to‘g‘riroq bo‘lar edi.

Keling, o‘zingizni o‘sha rahbar, deylik, biror tuman hokimining o‘rniga qo‘yib ko‘ring. Qo‘l ostingizda kattadir-kichikdir yuzlab tashkilot, korxona, muassasa, ularda ishlaydigan minglab rahbar xodim bor. Hammasini taniysiz. Bu ro‘yxatga “yuqoridagilar” – viloyatdagi, poytaxtdagi, turli vazirligu qo‘mitalardagi tanishlaringiz, qarindosh-urug‘laringizni qo‘shing.  Hammasining yaxshi-yomon kunida yonida bo‘lishga burchlisiz. To‘y-ma’rakasiga borsangiz, xursand bo‘lishi tabiiy: “Falonchi Falonchiyevichning odamgarchiligi zo‘r. Shuncha ishini tashlab, bizni yo‘qlab kepti!..” Qo‘l siltab qo‘ya qolsangiz-chi? Aftini burishtirishi tayin: “Meni odam o‘rnida ko‘rmadi. Dimog‘iga qurt tushgan!..”  Mansabdan ketgan kuningiz, sizni ko‘rsa,  teskari ugiriladi. Bir umrlik xijolat.

“Ijro organi rahbariga to‘y-marosimga borishi man etiladi”, degan ko‘rsatma bizni ana shunday xijolatpazlik, katta tashvishdan  qutqardi, - deydi tuman hokimlaridan biri. – Endi to‘y-markasiga borolmasak, qarindosh-urug‘, yoru birodar, tanish-bilishlarimiz bizdan xafa bo‘lmaydi. Rahbarlarni mudom ishdan chalg‘itadigan eng katta muammolardan biri osongina hal bo‘ldi. Suyunsak, shukronasiga qo‘chqor so‘yib, xom talash qilsak, arziydi”.

Dabdabali to‘ylarni taqiqlash shartmi?

Shu yil 15 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida”gi Oliy Majlis Senatining qarori loyihasi e’lon qilindi.

30 martgacha kuchga kiritish rejalashtirilgan qaror va uning ilovasi - nizom loyihasini shu qisqa muddatda minglab odamlar ko‘rdi, o‘qidi. O‘z fikr-mulohazalari bildirdi.

Oilaviy tadbirlarni o‘tkazish tartibiga qo‘yiladigan umumiy talablarda aytilishicha, to‘y-hashamlar soat 10:00 dan 23:00 gacha, osh berish marosimlari soat 12:00 dan 15:00 gacha o‘tkaziladi. Soat 23:00 dan keyin bunday tadbirlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘ylarda 150, oshda 200 nafargacha kishi qatnashadi. Dafn va motam marosimlarida cheklanmagan miqdorda fuqarolar ishtirok etishi mumkin, osh berish marosimlari bundan mustasno. Litsenziyaga ega bo‘lmagan jismoniy va yuridik shaxslarga oilaviy tadbirlarda xizmat ko‘rsatish ta’qiqlanadi. Sarpo, buyum yig‘ishga ruju qo‘yish, oila byudjetini noto‘g‘ri rejalashtirish va boshqa nosog‘lom orzu-havaslarning salbiy oqibatlarini tushuntirishiga e’tibor yanada kuchaytiraladi.

Qaror loyihasiga bildirilgan turfa fikrlardan: “Gap yo‘q, - deb yozadi Ahmadjon Orifjonov, - juda qiziqarli hujjat. Ayniqsa, qayd etilgan dabdababozlik, isrofgarchilik kabi illatlarning ildizlari davlat organlarining ayrim vakillariga borib taqalishi hisobga olinsa, uning ahamiyati yanada oshadi. Men besh yil xizmat ko‘rsatish sohasida ishlaganman. Kim qanday to‘y qilishini yaxshi bilaman. Avom pulini huda-behuda sarflay olmaydi. Qo‘li kaltalik qiladi.  Ammo hurmatli deputatlarimiz, prokurorlar... Bosar-tusarini bilmay qolishadi. Lekin birov ularning mushugini pisht demaydi. Nega? Bu jamiyatdagi adolatsizlik, aholining tabaqalanishi, tengsizlikka borib taqaladi. Amaldorlar yuz, ikki yuz minglab dollar sarflab, eng qimmatbaho narsalarni xarid qilishadi. Qolganlar ulardan ibrat oladi. Qarzga botadi... Musobaqa davom etaveradi”.

“Kelin sepi va sarposi masalalarida ham muayyan me’yorlar ishlab chiqilsa, yaxshi bo‘lardi, - deydi Farangiz ismli qiz. - Yotoqxona mebeli, maishiy texnika, xonalarni to‘ldirish, bezash... Osonmi! Ayniqsa, biz – allaqachon bo‘yi yetgan uch opa-singil kabi otasidan go‘daklikdan judo bo‘lgan qizlar uchun. Yolg‘iz onamiz buncha tavishni qanday ko‘taradi? Uddalaydi? Yotoqxona garniturining o‘zi kamida 4-5 million so‘m tursa. Bunga yana deraza pardalari, gilam, idish-tovoqni qo‘shing. O‘n milliondan oshadi...”

Oilaviy marosimlardagi dabdabalarni cheklashga oid Senat qarori loyihasini ana shunday sabablar o‘laroq ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlagan. Qarshilar ham yo‘q emas: inson huquqlari va erkinliklariga zid, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga to‘g‘ri kelmaydi, poraxo‘rlik yanada kuchayadi, behuda ish...

Podrobno.uz sayti  “Dabdabali to‘ylarni taqiqlash shartmi?” mavzuida o‘tkazgan bevosita so‘rov bunday xavotirlarni rad etdi. Unda ishtirok etgan minglab odamlarning 61 foizi “kiborlar musobaqasini taqiqlash shart”, deb fikr bildirdi.

Jonqobil  Juma.