Ta’lim

82 yoshda imtihondan yiqilgan o‘quvchining bo‘ydoqligi yana bir yilga cho‘ziladi

Hindistonlik 82 yoshli Shiv Charan 10-sinf o‘quvchilari uchun o‘tkaziladigan imtihondan bu gal ham o‘ta olmadi. Natijada uning uylanish haqidagi rejasi yana bir yil keyinga suriladigan bo‘ldi. Ha, Shiv Charan yoshlik chog‘larida maktabni bitirmasdan turib uylanmasligi haqida o‘z-o‘ziga va’da bergan edi! "Men faqatgina imtihondan o‘ta olmaganim uchun emas, uylanish orzusi chippakka chiqqani uchun qayg‘udaman", deydi o‘quvchi-otaxon. Rajaston shtatining Kohari qishlog‘ida yashovchi bu keksa o‘quvchi umrining so‘nggi 47 yilini maktabda ilm olishga bag‘ishlab, maktab guvohnomasi uchun shuncha marta imtihon topshirgan. Avvalgi yillarda bir oz bo‘lsa ham yaxshi natija qayd etgan otaxonning bu yilgi natijasi ko‘rish, eshitish qobiliyati pasaygani, jismoniy holatining yomonlashgani tufayli quvonarli emas. Shiv Charan ilk imtihonni 1969 yilda topshirgan. Ayni paytda nafaqada bo‘lgan otaxon hayotining keyingi qismini ana shu maqsadga erishish uchun sarflagan. "Toki tirik ekanman, imtihon topshirishda davom etaveraman", deydi qat’iyat bilan otaxon OAVga bergan intervyusida.