Bilasizmi?

70 yoshli keksalar hayotdagi eng katta pushaymonliklarini o‘rtoqlashdilar

Buyuk Britaniyaning Nationwide Building Society iqtisodiy instituti va jamiyatshunoslik tadqiqot markazi 70 yoshdan o‘tgan keksa insonlar o‘rtasida ularning hayotdagi eng katta pushaymonliklari haqida so‘rovnoma o‘tkazdi.

So‘rovda ishtirok etgan keksalarning 33 foizi hayotda yetarlicha sayohat qilmaganidan pushaymon ekanligini ma’lum qilgan.

Respondentlarning 31 foizi esa yoshlik chog‘ida keksalik davri uchun yetarli mablag‘ jamg‘arib qo‘ymaganligidan pushaymonda ekanini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, ularning 49 foizi salomatligi bilan bog‘liq xarajatlarga mablag‘ topishda qiynalishar ekan.

So‘rovda ishtirok etganlardan his-tuyg‘ular, xususan muhabbatlari bilan bog‘liq pushaymonliklar ham so‘rab ko‘rilgan. Xususan, ularning 14 foizi romantik tuyg‘ulariga befarq bo‘lganliklari, ilk sevgi uchun kurashmaganliklari uchun pushaymonlik his qilishlarini aytishgan.

So‘rov mobaynida ishtirok etgan inglizlarning aksariyati 28 yoshda uy-joy qilishga ulgurgani, bugungi ingliz yoshlari esa bu ishni 33 yoshgacha orqaga surayotgani ham aniqlangan.